17:58 / 08.02.2017
67034

Hasanboy Do‘stmatov professional boks, qachon uylanishi va onasi nega uning janglarini ko‘rmasligi haqida gapirdi

2016 yilning 5-21 avgust kunlari Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlari o‘tkazildi. Unda o‘zbekistonlik sportchilar munosib ishtirok etishdi. Jumladan, o‘zbek bokschilarining qo‘lga kiritgan yutuqlari juda sharafli bo‘ldi.

Boks bo‘yicha o‘tkazilgan bahslarda 49 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida kechgan bellashuvlarda Hasanboy Do‘stmatov oltin medal bilan taqdirlandi.

Kun.uz ijodkorlari Andijonda bo‘lishdi va Hasanboy shug‘ullanayotgan sport zaliga tashrif buyurishdi. U bilan qisqa va mazmunli suhbat o‘tkazildi.

- Siz chempionlikkacha bo‘lgan yo‘lni qanday ifodalab bergan bo‘lar edingiz?

- Avvalo, chempionlik barchaga nasib etavermaydi. Buning uchun insonga, birinchi navbatda, iroda kerak. Qolaversa, tinimsiz mehnat talab qilinadi. 

- Chempionlikdan keyin hayotingizda qanday o‘zgarishlar ro‘y berdi?

- Chempionlikdan keyin 3-4 oy hordiq chiqardim. Yaqindan mashg‘ulotlarni boshladim. Joriy yilning 20 fevral kuni Bolgariyada xalqaro musobaqa o‘tkaziladi. Ana shu musobaqaga tayyorlanyapman.

- Mashhur odamlar haqida turli mish-mishlar yuradi. Siz haqingizda, Hasanboy Olimpiada chempioni bo‘lgach, professional ringga ko‘tariladi, hatto Afrikadan taklif tushgan, degan gaplar bor. O‘zingiz bu holatga oydinlik kiritib bersangiz?

-  Takliflar bo‘lyapti, albatta. Faqat Afrikadan emas, boshqa yerlardan ham ana shunday takliflar bo‘lyapti. Ammo murabbiylar bilan kelishgan holda, havaskor boksda qolmoqchiman. Keyingi Olimpiadaga qadar yaxshi va nomdor klubdan taklif tushsa, qabul qilishim mumkin. Chunki bugungi kunga kelib professional bokschilar ham Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etishlari mumkin etib qo‘yildi. 

- Andijondagi Olimpiada zaxiralari kollejida juda ko‘p bolalar boks bilan shug‘ullanayotganliklarining guvohi bo‘ldik. Aslida ham bu maskandan juda ko‘p mashhur sportchilar yetishib chiqqan. Aytingchi, buning siri nimada?

- Biz yoshligimizda Muhammadqodir Abdullayevga havas qilib, sportga kirib kelganmiz. O‘z navbatida, hozirgi yoshlar men va do‘stlarimga havas qilib, sport zallariga mashq qilgani kelishmoqda. Buning barchasi, avvalo, intilishda. Bundan tashqari, ota-onalarning tashabbusi ham bunga turtki bermoqda. Chunki har bir ota-ona o‘z farzandini chempion bo‘lishini, yurt bayrog‘ini yuqori ko‘tarishini istaydi. 

- Suhbatimizni boksdan tashqari mavzuga qaratsak. Barchani qiziqtirgan bir savol bor. Hasanboy Do‘stmatov qachon uylanadi?

- 2017 yildagi rejalarimizda bu ham bor. Ota-onam bilan maslahatlashib, yaxshi niyatda to‘y boshlab yuborsak, ajab emas. Lekin kelin nomzodi haligacha yo‘q (kuladi). Bo‘lajak turmush o‘rtog‘im onamga yoqsa, menga yoqsa, albatta, bu xayrli ishni boshlab yuboramiz. U onamning ko‘nglidan joy ola bilsa, u kishini qattiq hurmat qilsa, u kishini yaxshi ko‘rsa, meni baxtli etadi, deb o‘ylayman. 

- Rioda o‘tgan Olimpiadada finalga chiqqaningizda, saytimiz orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri reportaj olib bordik. Ushbu reportajni nafaqat O‘zbekiston ahli, balki jahon bo‘ylab ham kuzatishdi. O‘shanda onangiz boks ko‘rmayman, deb qoldilar. Nega, deb so‘raganimizda, “bolamga tegayotgan zarbalarga chiday olmayman, jonim achiydi”, dedilar. Aytingchi, hozir ham shundaymi?

- Hozir ham shunday, ko‘rmaydilar. Janglarda zafar quchib, videotasmada olib kelsam ko‘radilar. Lekin to‘g‘ridan to‘g‘ri uzatiladigan janglarimni ko‘rmaydilar. 

- O‘zbekistonda sportga e'tibor juda yuqori. Shu bois bolalar sizdek chempionlarga havas qilib, yaratilgan sharoitlardan mamnun bo‘lib, sport ostonasidan o‘tishyapti. Ana shunday bolalarga qanday maslahatlar bergan bo‘lar edingiz?

- Avvalo, sportga qiziqqan har bir bola o‘z ustida tinmay ishlashi lozim. Ota-onasi va murabbiylarining aytganini qilib, vaqtida mashg‘ulotlarni o‘tkazib, o‘z hayotini sportga, jumladan, boksga bog‘lasa, albatta, bizga o‘xshagan, bizdan ham o‘tadigan bokschilar, chempionlar bo‘lishadi. 

- Mazmunli suhbat uchun rahmat. Bundan keyingi niyatlaringiz ro‘yobga oshishiga tilakdoshmiz.

Shu o‘rinda eslatib o‘tmoqchimiz, Hasanboy Do‘stmatov 1993 yilning 24 iyunida Andijon viloyati, Buloqboshi tumanida otasi Ma'rufjon Hayitboyev va Dilnozaxon Hayitboyeva oilasida dunyoga kelgan. U sportdagi ilk muvaffaqiyatiga 2009 yilda erishgan. U o‘sha yili Qozog‘istondagi xotira turnirida chempionlikka erishgan. 2011 yilda esa 49 kilogrammgacha vazn toifasida O‘zbekiston chempioni bo‘lgan.

U Buloqboshi tumanidagi Do‘lan qishlog‘ida ota-onasi bilan istiqomat qiladi. Qahramonimiz sport kollejini bitirganidan keyin Andijon Davlat universitetiga o‘qishga kiradi. Ayni vaqtda u universitetning magistratura bosqichi 2-kurs talabasi.

Mavzuga oid
Top