13:35 / 08.02.2017
15409

G‘uzorlik nashafurushlar to‘dasi qo‘lga olindi

Har yili giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar fosh etiladi. Bu ishga qo‘l urgan qanchadan-qancha jinoyatchilar javobgarlikka tortiladi, tonnalab narkotik moddalar yo‘q qilinadi. Xo‘sh, unda nega hanuzgacha bu jinoyatning ildizi yo‘qolmayapti? Nega hanuzgacha bu illat qanchadan-qancha oilalarni parokanda qilib, nogiron bolalarning tug‘ilishiga sabab bo‘lmoqda? Buning sababi bitta. U ham bo‘lsa, hamon nafsiga qul kimsalarning borligi, o‘z jig‘ildoni yo‘lida har qanday tubanliklardan qaytmasligidir.

“Huquq” gazetasining yozishicha, Erkin Fayziyev, Dilshod Zaripov, Sobiq Yallaqayevlar ham mazkur jinoyat turining oqibatlarini bilmagan bo‘lishlari mumkin emas. Chunki birining yoshi 50dan oshgan, qolganlari ham o‘ttizni qoralagan, oq-qorani, halol va haromning, yaxshi va yomonning farqiga boradigan yoshda. Biroq ular nafs yo‘rig‘iga yurib, giyohvand moddalar savdosidek jirkanch jinoyatga qo‘l urganliklari sababli qonun oldida javob berishlariga to‘g‘ri keldi.

2016 yilning 26 iyul kuni G‘uzor tumanidagi “Yulduz” choyxonasi yonida Dilshod Zaripov 16 dona gugurt qutisiga joylangan giyohvand moddani 1 mln. 550 ming so‘mga sotayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Viloyat IIB EKBning xulosalariga ko‘ra, gugurt qutilaridagi ushbu o‘tkir hidli o‘simlik marixuana giyohvandlik moddasi ekanligi ma'lum bo‘ldi. Surishtiruvlar natijasida mazkur jinoyat zanjirining halqasi yoshi ellikdan oshgan, 4 nafar farzandning otasi Erkin Fayziyevga borib taqaldi.

Erkin Fayziyev 2013 yilda hovlisining bir chetiga nasha o‘simligini ekib, parvarishlaganini hech kim sezmadi. U “bangi”likka qachon o‘rganganligini hatto oila a'zolari ham bilishmasdi. Gugurt qutilariga joylashgan zahri qotilni yashirib, humori tutganda iste'mol qilardi...

O‘sha kuni E.Fayziyev hamqishloqlari bilan xo‘roz urishtirish o‘yinini tomosha qilib turgandi. Kutilmaganda unga qizining to‘yida oshpazlik qilgan Sobir Yallaqayev qo‘ng‘iroq qilib, uyi oldida kutib turganligini aytdi. E.Fayziyev davradan chiqib, uyiga bordi. Sobir salom-alikdan so‘ng darhol maqsadga o‘tdi.

-  Aka, ozgina nasha topib bermasangiz bo‘lmaydi. Bir tanishim so‘rayapti.

E.Fayziyev avvaliga yo‘q demoqchi bo‘ldi. Ammo qizining to‘yi kuni ikkalasi birga chekkanligi yodiga tushib, uyidan 16 dona gugurt qutini ko‘tarib chiqdi.

-  Yetadimi? Boshqa qolmadi.

Sobir “mol”ni qo‘liga olib, cho‘ntagini kavladi,

-  Mana bu sizning haqingiz.

-  Qancha bu?

-  600 ming so‘m.

E.Fayziyev pulni olib, ichidan 80 ming so‘mni ajratdi-da, Sobirga uzatdi. 

-  Bu sening xizmat haqing.

Sobir minnatdorchilik bildirib, ortiga qaytdi.

Dilshod Zaripov Sobirni sabrsizlik bilan kutib turardi. “Ishqilib quruq qaytmasin-da!” Bezovtalanib turarkan, uzoqdan Sobirning qorasini ko‘rib, unga umidvor tikildi.

-  Topdingmi?

-  Topdim, mana, oling.

Sobir qo‘lidagi paketni Dilshodga uzatdi. Dilshod rahmat, degancha boshqa xaridor tomon oshiqdi...

Ammo Dilshodning omadi kelmadi. Pulni sanab olayotgan vaqtda ashyoviy dalil bilan qo‘lga olindi. Bundan tashqari, tergov jarayonida Sobirning uyidan ham 2,3 gramm giyohvand modda topildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘uzor tuman sudi tomonidan Erkin Fayziyev va Sobir Yallaqayevga 7 yil-u 6 oydan, Dilshod Zaripovga esa 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Top