11:47 / 08.02.2017
17613

OAV: semiz yo‘lbarslar surati ijtimoiy tarmoqlarda ommalashmoqda

Internet tarmog‘ida semirib ketgan yo‘lbarslar suratlari ommalashmoqda, deb yozadi Britaniyaning Mirror nashri. Bu hayvonlar Xitoyning Xarbin viloyati Sibir yo‘lbarslari parkida yashaydi. 

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining hazilomuz taxmin qilishlaricha, yo‘lbarslar Xitoy yangi yili munosabati bilan haddan ortiq ko‘p tanovul qilib yuborgan ko‘rinadi. 

Ayrimlar jonivorlarning sog‘lig‘i borasida tashvish va xavotirlarini izhor qilishgan bo‘lsa-da, boshqalar Amur yo‘lbarslari nomi bilan ham yaxshi tanish bo‘lgan yirtqichlar Xarbindagi qattiq sovuqqa moslashish uchun shunday qilishlarini aytishgan. Qish mavsumida bu mintaqa havo harorati -20oS darajagacha tushadi. Nashr o‘z navbatida semiz yo‘lbarslar uchun tashvishlanmaslikni, yozga kelib ularning holati me'yorga kelishini yozadi. 

Biroq, hayvonlarni himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilot – Born Free Foundation prezidenti Uill Travers (Will Travers)ning bayonot berishicha, yo‘lbarslarning bunday semirishi me'yoriy hisoblanmaydi. Ularga zudlik bilan yordam ko‘rsatilishi lozim. Uning fikricha, bunday o‘zgarishlar noto‘g‘ri ovqatlantirish, yomon munosabat va og‘ir turmush sharoitidan darak beradi. Traversning qo‘shimcha qilishicha, jiddiy kasallikka chalingan semiz yo‘lbarslarni mazax qilish o‘rniga ularga ko‘mak berish darkor. 

Parkning ayrim mehmonlariga ko‘ra, yo‘lbarslar sayyohlarning boqishi sababli semirib ketgan. 

2015 yil avgust oyida yozuvchi va sayohatchi Jared Salem (Jarryd Salem) ushbu hayvonot bog‘ida hayvonlar tovuq, echki va mol go‘shti bilan boqilishi haqida maqola yozgan edi. Bu esa, ularning semirishiga olib keladi.

Sibir yo‘lbarslari parki – 1 mln kvadrat metr maydonda joylashgan eng yirik tabiiy park hisoblanadi. Unda jami 800ga yaqin Amur yo‘lbarsi saqlanadi.

 

Top