00:14 / 09.02.2017
9135

AQSh senatorlari Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni susaytirishining oldini olishmoqchi

Respublikachi Lindsi Grem va demokrat Ben Kardin boshchiligidagi amerikalik bir guruh senatorlar Rossiyaga nisbatan sanksiyaning bekor qilinishi faqat Kongress ruxsati bilan amalga oshishi mumkinligi bo‘yicha qonun loyihasini kiritmoqchi. Bu haqda tashabbuskorlardan biri Ben Kardinning matbuot xizmatiga asoslanib TASS xabar berdi.

«Rossiya bilan munosabatlarni baholash akti» deb nomlangan qonun loyihasi mamlakat prezidenti Donald Trampning ma'muriyati rasmiy Moskvaga nisbatan cheklov choralarini susaytirishni taklif qilishi mumkin bo‘lgan holatga qarshi ishlab chiqilgan.

Ushbu hujjatda Oq uy nima sababdan Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishga intilayotganligi bo‘yicha batafsil tushuntirish beruvchi hisobot tayyorlashi lozimligi, shuningdek, Kongress bu qaror uchun ovoz berishi mumkin bo‘lgan 120 kunlik muddat nazarda tutiladi.

Bundan oldinroq Kardin agar Kongress Trampning bu masaladagi qaroriga rozi bo‘lmasa, senatorlar va kongressmenlar tegishli rezolyutsiya qabul qilishi haqida aytib o‘tgandi.

Top