16:17 / 09.02.2017
68051

Samarqandda tovlamachilik bilan shug‘ullangan IIB xodimlari qo‘lga olindi

Illyustrativ foto

Samarqand viloyati milliy xavfsizlik xizmati tomonidan o‘tkazilgan operatsiya chog‘ida tovlamachilik bilan shug‘ullanib kelgan IIB xodimlari qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda Sputnik tashkilot vakiliga asosan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Samarqand viloyati Urgut tumani IIBning ikki xodimi xususiy kirakashlik bilan shug‘ullanuvchi haydovchilardan tovlamachilik yo‘li bilan muntazam ravishda pul undirib kelishgan.

Xabarda aytilishicha, pul undirish quyidagicha amalga oshirilgan — militsiya xodimlarining topshirig‘iga ko‘ra "ularning" odami haydovchi avtomobili saloniga marixuana giyohvandlik moddasini tashlab qo‘ygan, shundan so‘ng IIB xodimlari ishga kirishishgan va qurbonni jinoiy javobgarlikka tortish tahdidi bilan undan pul olishgan.

IIB xodimlari B.Sultonov va A.G‘apporov 2 ming dollar so‘ragan urgutlik haydovchi ularning navbatdagi "o‘lja"si bo‘lgan.

Samarqand viloyati YHXB inspektori U.Xudoyorov ham guruhda vositachi sifatida ishtirok etgan. U qurbondan olingan pulni B.Sultonov va A.G‘apporovga bergan. 

"MXX xodimlari viloyat prokuraturasi vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazgan maxsus tadbir natijasida nomlari tilga olingan IIB xodimlari haydovchidan talab qilingan pulning 400 dollarini olayotganlarida ushlandilar", — dedi MXX vakili.

Xabarda qayd etilishicha, keyingi ikki oy davomida "pogonli ovchi"larning bunday faoliyatidan Urgut tumanidagi to‘rt nafar haydovchi jabr ko‘rgan.

Ushbu holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 165-moddasi ("Tovlamachilik") bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma'lum qilindi.

Top