14:51 / 10.02.2017
71993

«O‘rta Chirchiq dehqon bozori»da: Tartibsizlik, terminal muammosi va muxbirni sotib olishga urinish

Jurnalist va bloger Behzod Qobulov «O‘rta Chirchiq dehqon bozori»dagi muammolarni o‘rganib, tayyorlangan tanqidiy maqolani matbuotda va o‘z blogida e'lon qildi. 

Quyida «Toshkent haqiqati» gazetasida bosilgan maqola qisqartish va muallif kiritgan ayrim to‘ldirishlar bilan nashr etilgan.

«Kim beradi-yo terminal»ni-yo...

Bozor... U nafaqat sharqona savdo markazi, balki o‘sha xalqning ma'naviy dunyosi, madaniy hayot tarzi, insoniy sifatlarining haqqoniy ko‘zgusi hamdir. Bu manzilda odamlarning fikrlashi, o‘zaro munosabati boricha, yaqqol seziladi. Umuman, bozorning "ob-havo"si nainki moddiy boylig-u oziq-ovqat mahsulotlarining, qolaversa, ayni bir paytda xalq qalbining ham o‘ziga xos barometridir. 

Yaratganga mingdan-ming shukrlar bo‘lsinki, bugungi kunda bozorlarimiz to‘kin-sochin, fayzli. Bozor oralasangiz har qadamda o‘nlab savdogarlar peshvoz chiqib, anvoyi mahsulotlarini taklif qiladilar. Bular orasida eng sarxili, pishiq-puxtasi, albatta, o‘zimizning mahsulotlar – bularni ko‘rib bahridilingiz qanchalar ravshan tortadi! Ammo, ba'zida bozorlarda shunday manzaraga duch kelasizki, ular ko‘rkam, obod hayot jamoliga tushgan husnbuzar kabi ko‘zga xunuk ko‘rinadi. Tinch va obod zamonda, ko‘z o‘ngimizda, nahotki, mana shunday illatlar palak yozaversa, degan iztirob tug‘iladi yurakda. Xullas, quyida e'tiboringizga havola qilinayotgan maqola bir muddat oldin yozilgan, orada ahvol o‘nglanishiga umid bildirgan holda, bozor ma'muriyatining kamchiliklarni bartaraf etishga doir quyuq va'dasi tufayli vaziyatni matbuotga olib chiqishga andisha qilgan edik. Lekin yaqinda ayni manzilni qayta o‘rganganimizda, ayon bo‘ldiki, barchasi «Eski hammom - eski tos...». Qolgan gaplarni esa maqolani o‘qigach bilib olasiz...

Joylarda jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, aholiga qulaylik yaratish bugungi kunda har qachongidan dolzarb vazifaga aylangan. Biroq, ba'zida oddiy holatlar, birgina xodimning ishga mas'uliyatsizligi fuqarolarga naqadar qiyinchilik tug‘dirayotgani hayratingizni oshiradi.

O‘rta Chirchiq tumanidagi dehqon va buyum bozorida bank plastik kartochkalariga savdo qilinmayotgani, bozor hududida, unga yondosh joylarda tartibsizliklar yuzaga kelgani haqida o‘tgan yil poyonida xatlar olgandik. Bozorni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rgach, bu yerdagi ahvoldan ochig‘i hayron qoldik. Bozorning asosiy kirish darvozasi mahkam yopilgan, faqat kichkina eshik ochiq. Darvozaga esa o‘zbek tilini istalgan shaklda tahqirlovchi matnlar – shaxsiy tijoriy e'lonlar yopishtirilgan. Darvozadan ichkariga hatlashingiz hamono kirish yo‘lagini "ishg‘ol qilgan" yoymachi-savdogarlarga ko‘zingiz tushadi.

Oddiy ro‘zg‘or buyumlari, kiyim-kechaklar savdosi bilan shug‘ullanayotgan yakka tartibdagi tadbirkor Qahramon Isroilovni suhbatga tortamiz. Ammo, muxbir ekanimizni bilgach, juftakni rostlagan, ancha vaqtdan keyin paydo bo‘lgan bu yigitning aytishicha, bozor rahbarlari, soliqchi unga bu joyda savdo qilishni man etishmagan emish.

Xo‘sh, bozorning asosiy darvozasi berk bo‘lsa, tuman markazidagi eng katta savdo-sotiq maskaniga aholi qayerdan kirib-chiqayapti? Suratlarda ko‘rib turganingizdek, aholi bozorga yondosh ko‘chadan tiqilinch paydo qilgancha, kirib-chiqadi, natijada ko‘chada tartibsizlik, qancha odamlar asabiylashgan...

Shu va shu kabi masalalar bo‘yicha «O‘rta Chirchiq dehqon bozori» MChJ direktori Muzaffar Nazarovdan ham tayinli javob ololmadik. Muzaffar Nazarov jahl bilan bozor darvozalariga yopishtirilgan e'lonlarni o‘z qo‘llari bilan ko‘chirib ola boshlaganda, u kishini holi qoldirib, kuzatuvni davom etdirdik...

Bozor hududida aylanib yurar ekanmiz, bu yerda terminal yo‘qligidan xunob bo‘lib chiqayotgan o‘qituvchi Zulayho Qurbonovaga duch kelamiz. Savol tug‘iladi: Nahotki, bank terminallari noyob matoh bo‘lsa? Shu tarzda mavjud holatni o‘rganishga kirishamiz. Dastlab, 42-do‘konda savdo qilayotgan tadbirkor Aziz Uralovdan nega plastik kartochkalar orqali savdo qilinmayotganiga izoh so‘raymiz. Biroq, biz bilan suhbatda bo‘lgan Aziz va u kabi tadbirkorlar bu vaziyat uchun bankni ro‘kach qilib, qo‘limizga ariza tutqazishadi. Qiziqib, bir arizani o‘qiymiz. Unda  shunday so‘zlar yozilgan edi:

E'tibor bering, ariza 28 aprelda bankka borib tushgan. O‘tgan muddat davomida esa na bank xodimlari va na soliqchi bu masalaga qaytishgan. Xuddi shu tarz arizalarning nusxasi Zebi Umirboyeva, Maftuna Isroilova, Qahramon Isroilov kabi tadbirkorlarning ham arxivida chang bosib yotibdi. Ular bankdan kelajak terminallarning yo‘lini poylab, haftalar, oylarni o‘tkazishganda, qiziq, bankning O‘rta Chirchiq tumani filiali mutasaddilar nima ish bilan band bo‘lgan ekan?

Xullas, shu o‘yda filialga yo‘l oldik. Rahbar Sherzod Boboqulov vaziyatga taajjublangandek munosabat bildirib, hozir birgalikda bozorga borib, masalaga aniqlik kiritishimizni aytdi. Xursand bo‘lgancha bozorning asosiy darvozasi hududiga borib, bank rahbarlarini kuta bosh ladik. Kutdik, kutaverdik... Oradan qariyb ikki soat o‘tgachgina, ular kelishdi. Qachonki, biz aksiyadorlik tijorat bank matbuot xizmati rahbari bilan bog‘lanib, vaziyatni tushuntirganimizdan keyingina, rahbar va uning o‘rinbosari istar-istamas bozor hududiga kelib, biz bilan uchrashdi. Birgalikda tadbirkorlar huzuriga bordik. Ajabki, bank rahbarlarining bu tarz "ochiq muloqoti" salkam dahanaki janjalga aylanib ketdi. Tadbirkorlar qariyb bir yil, ba'zilari esa ikki yildan beri terminal ololmayotgani uchun filial rahbarini turfa savollarga ko‘mib tashlashdi.

Shunday og‘riqli taassurotlar bilan bozor hududini tark etarkanmiz, soliq inspeksiyaning bozor bo‘yicha vakili Rustam Abduqodirov, «O‘rta Chirchiq dehqon bozori» MChJ direktori Muzaffar Nazarov, bankning O‘rta Chirchiq tumani filiali rahbari Sherzod Boboqulov navbati bilan o‘ziga imlab chorlagancha, muammoni ovoza qilmaslik, biror xizmat bo‘lsa bajarish haqida g‘aroyib takliflar aytishdan to‘xtashmadi. Ayniqsa, soliqchi Rustam Abduqodirov deganlari ustomon chiqib qoldi. Ortga qaytayotganimizda mashinamiz o‘rnidan qo‘zg‘alar ekan, “purma'no” takliflari ijobat bo‘lmaganidan kuyingan shovvoz eshikni shartta ochib, bir bog‘lam pulni qo‘limga tutqazmoqchi bo‘ldi. Haydovchiga aytib, darhol mashinani to‘xtattirdim va pulni qaytarib berdim. Xullas, orada bo‘lgan mashmashalarni, dahanaki tortishuvlarni bunda qaytarish nokerak, ammo uning bu xatti-harakati naqadar jirkanch kimsa bilan yuzlashib turganimdan nishona edi...

Ana shunaqa gaplar...

Eshigiga qulf urilgan bozorni ko‘rganmisiz? To‘ytepa tomonlarda shunaqasi bor... Xo‘sh, nega qulf urildi ekan? Chunki, darvozaxonada bozor ichidagi bozor shakllangan. 

Bu aslida mashinalar qatnashi uchun ko‘cha. Bozorning kirish eshigi emas. Kirish eshigi qayerda deysizmi? Keyingi rasmga qarang...
Asosiy darvozadan kiraverishda qullikka rozi bo‘lmasligingiz haqida ogohlantiruv bor. Boshqa detallar haqida gapirib o‘ltirmaymiz... 
Bozor tashqarida, do‘kon bo‘m-bo‘sh... 
Ichkaridagi "ahvol"ni tasavvur qilavering. Beozorrog‘i buki, saqlash joyiga aylangan do‘konda olma va xurmo ichkiyimlar, paypoqlar orasida yotibdi...  
Tarozini axtarib...
Top