12:01 / 11.02.2017
6796

BMT Xavfsizlik Kengashi Janubiy Sudanda zo‘ravonlikka barham berishga chaqirdi

BMT Xavfsizlik kengashi Janubiy Sudandagi qurolli to‘qnashuvlarni qoralab, mojaroda ishtirok etayotgan tomonlarni zo‘ravonlikni darhol to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda XK xabarida aytiladi, deb ma'lum qildi RIA «Novosti».

Xavfsizlik kengashida ta'kidlashlaricha, qurolli to‘qnashuvlar, ayniqsa, Ekvatorial hudud va Yuqori Nil yerlarida davom etmoqda.

«Xavfsizlik kengashi a'zolari, shuningdek, oddiy fuqarolarga bo‘lgan barcha hujumlarni keskin qoralashdi va tinch aholi vakillari o‘ldirilishi, zo‘ravonlik, uylarni talon-toroj qilinishi, bosqinchilik holatlaridan jiddiy tashvishda ekanini bildirishdi», - deyiladi xabarda.

Xavfsizlik kengashi jamoatchilikni hujumda aybdor bo‘lgan shaxslarni javobgarlikka tortish bo‘yicha choralar ko‘rishga chaqirdi hamda Janubiy Sudanni yanvar boshidan beri 84 mingdan ortiq kishi tark etganidan katta tashvishda ekanini ta'kidlab o‘tgan.

Aytilishicha, mamlakatda mojaroni hal qilish uchun qurolli yo‘ldan emas, balki siyosiy mexanizmlardan foydalanish zarur. Mojaroda ishtirok etayotgan tomonlarga sulh shartlarini bajarish haqida eslatilgan.

Ma'lumot uchun, Janubiy Sudan 2016 yilning sentabrida BMTning qo‘shimcha kontingentini joylashtirishga rozi bo‘ldi.

Top