16:48 / 11.02.2017
16998

Shavkat Mirziyoyev g‘o‘zapoya va qamishdan DSP ishlab chiqarish korxonasi loyihasi bilan tanishdi

Prezidentimiz Termiz shahrida barpo etilayotgan g‘o‘zapoya va qamishdan DSP ishlab chiqarish korxonasi loyihasi bilan tanishdi, deb xabar berdi O‘zA agentligi.

Bunyodkorlik va obodonlashtirish mamlakatimiz taraqqiyoti, farovonligining ifodasidir, dedi Shavkat Mirziyoyev. Shu bois arzon va sifatli qurilish materiallari ishlab chiqarishga, bu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'yektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e'tibor berish zarur. 

"Termiz ta'minot" mas'uliyati cheklangan jamiyati negizida barpo etilayotgan korxonada yiliga 30 ming kubmetr DSP mahsulotlari ishlab chiqarish rejalashtirilgan. 4,2 gektar maydonda 2,9 million dollar evaziga qad rostlaydigan yangi majmuada 160 ish o‘rni yaratiladi. 

Davlat rahbari shu yerning o‘zida “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati va “Komfort inert servis” mas'uliyati cheklangan jamiyati hamkorligida tashkil etilayotgan granit va gabbro toshlaridan qurilishbop pardozlash plitalari ishlab chiqarish, Termiz mexanika zavodini kengaytirish loyihalari bilan ham tanishdi. 

Yiliga 80 ming kvadrat metr granit mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladigan pardozlash plitalari korxonasida 205 ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. 

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan Termiz mexanika zavodini kengaytirish loyihasi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash korxonalarini arzon, sifatli asbob-uskuna va ehtiyot qismlar bilan ta'minlaydi. Fermer xo‘jaliklari va sohaga ixtisoslashgan korxonalarning elektr dvigatellari, asbob-uskuna va jihozlarini, nasoslarni sifatli ta'mirlaydi. Meva-sabzavot mahsulotlarini tozalab quritadigan qulay va ixcham texnologiyalarni ishlab chiqarib, fermerlarga yetkazib beradi. 

Yangi korxonaning to‘la quvvat bilan ishga tushirilishi viloyatda yetishtirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash ko‘lamini kengaytirib, zamonaviy usulda qadoqlash va iste'molchilarga yetkazib berishda muhim omil bo‘ladi. Korxonada 80 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi. 

Prezident yangi korxonalarni zamon talablariga mos texnologiyalar bilan jihozlash, mahsulotlarni nafaqat ichki bozorga, balki eksportga yo‘naltirish choralarini ko‘rish lozimligini ta'kidladi. Mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi. 

Top