11:09 / 12.02.2017
4975

Guterresh va Erdo‘g‘an Suriya, Iroq va Kiprdagi vaziyatni muhokama qilishdi   

BMT bosh kotibi Antoniu Guterresh va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Istanbulda o‘tgan ilk uchrashuvlarida Suriya, Iroq va Kiprdagi vaziyatni tartibga solishni muhokama qilishdi.   

Ta'kidlanishicha, Guterresh Ostonada Suriya bo‘yicha o‘tkazilgan muzokaralar uchun Erdo‘g‘anga minnatdorchilik bildirgan. U "Suriyada terrorchilikka va ekstremistlarga qarshi kurashish zurarligini" ta'kidlab o‘tgan va "bu sa'y-harakatlar Suriya xalqi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan siyosiy yechimlarsiz muvaffaqiyat qozonmasligini" aytgan.    

Ostonada 23-24 yanvarda o‘tgan muzokaralarda Rossiya, Eron va Turkiya Suriyadagi yarashuvning kafolatlovchilari sifatida u yerda o‘t ochishni to‘xtatish tartibini nazorat qiluvchi uch tomonlama mexanizmni yaratishga kelishib olishgan. Suriya bo‘yicha yangi muzokaralar dastavval 8 fevralga belgilangandi, biroq BMTning Suriya bo‘yicha maxsus elchisi Staffan De Mistura ularni 20 fevralga qoldirgan.

Guterresh Erdo‘g‘an bilan muloqot davomida Iroqning Mo‘sul shahri va boshqa hududlarini terrorchilardan ozod qilish operatsiyasi va Kiprdagi vaziyatni tartibga solish jarayoni masalalarini ko‘targan.

"Bosh kotib suriyalik va iroqlik qochqinlarni qabul qilishda Turkiya ko‘rsatgan oliyhimmatlikni yuqori baholagan", deb aytildi xabarda.

Top