21:22 / 12.02.2017
62168

O‘zbekiston hafta ichida: tanqidga uchrayotgan sohalar, lavozimiy o‘zgarishlar, yangi qarorlar va boshqa xabarlar

Mana, navbatdagi hafta ham ortda qoldi. O‘tgan kunlar davomida O‘zbekistonning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va ko‘plab sohalarida qator o‘zgarishlar, yangiliklar sodir bo‘ldi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 fevral kuni 2017−2018 yillarda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturini tasdiqladi. Unga ko‘ra, Jabrlanuvchilar va guvohlar davlat himoyasida.

Andijonda tadbirkorlarga binolar foydalanish uchun tekinga beriladigan bo‘ldi. Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi ishchi guruhi bugungi kun talabiga javob bermayotgan korxonalarda mutasaddi tashkilotlarning rahbarlari va tadbirkorlar bilan uchrashuv davomida bu haqda aytib o‘tgan.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv va hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Unga ko‘ra, Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi o‘zbekistonlik harbiylarni tayyorlashda ishtirok etadi.

O‘zbekistonda bu yili Navro‘z bayramini o‘tkazish tartibi avvalgi yillardagidan farqli bo‘lishi kutilmoqda.

"GM-O‘zbekiston" kompaniyasi Cherkasskdagi Derways zavodi bilan ushbu korxona quvvatlarida o‘z mahsulotlarini otvyortkali yig‘ishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda

O‘zbekiston keng jamoatchiligi yana bir judolikka uchradi. Millionlarning sevimli suxandoni, sermahsul jurnalist, bag‘ri keng ustoz Nasiba Maqsudova kuchli yurak xuruji oqibatida 8 fevral kuni vafot etdilar.

O‘zbekistondan bo‘lgan qariyb 5,35 ming ziyoratchi bahorgi mavsumda Saudiya Arabistoniga «Umra» (kichik haj) ziyorati uchun yo‘l olishadi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentda 2014-yil qurila boshlangan shahar chorrahalarini kuzatishga mo‘ljallangan videokuzatuv tizimini qisqa muddatda ishga tushirish haqida ko‘rsatma berdi

Samarqand shahrida o‘tgan yil oxirida shov-shuv bo‘lgan «eshaklar qabristoni» ishi bo‘yicha sud jarayoni bo‘lib o‘tdi. Bu ish bo‘yicha ayblangan 5 kishi sudga tortilgan.

Lavozimiy o‘zgarishlar

Qo‘ng‘irot tumanining sobiq hokimi, podpolkovnik Ziyavatdin Zaitov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — ijtimoiy va moliyaviy ta'minot xizmatining boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga Saparbayev Atabek Xudaybergenovich tayinlandi.

Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryoga safari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 10 fevral kuni Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi

Davlat rahbari safar davomida Surxondaryodagi yangi loyihalar bilan tanishdi. Shu bilan birga viloyatdagi xonadonlardan birida mehmon bo‘ldi.  Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev Surxondaryoda ipakchilikka ixtisoslashtirilgan korxona loyihasini, baliqchilik kompleksi loyihasi va «Termiz marvaridi» rekonstruksiyasini  va Sherobod tumanida barpo etilayotgan sement zavodi loyihasini  borib ko‘rdi.

IIV organlari faoliyatiga bag‘ishlangan videoselektor

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 9 fevral kuni ichki ishlar organlari faoliyati, tizimda mavjud muammo va kamchiliklar, istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘ilishda ichki ishlar organlari faoliyatini tanqid ostiga olindi. Jumladan, unda yoshlar va ayollar jinoyatchiligi borasidagi ahvol haqida so‘z yuritildi. “Muammolarni kabinetda o‘tirib emas, balki xalq orasida yurib aniqlash kerak”, deb ta'kidladi ushbu yig‘ilishda davlat rahbari.  Bundan tashqari, yig‘ilishda qonun himoyachilari tomonidan kuzatilayotgan jinoyatlarga ham tanqidiy fikrlar bildirildi. Ushbu yig‘ilishda qator amaliy qarorlar qabul qilindi. Jumladan, payshanba jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika kuni, deb belgilandi. IIV Transportdagi ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i va tizimdagi 3 nafar yuqori martabali polkovnik ishdan olindi

Sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolar va sohaning rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlangan videoselektor

Ushbu yig‘ilishda davlat rahbari tomonidan dori narxlarini nazorat qilish uchun Bosh prokuratura huzurida “Ishonch telefonlari” ishga tushirilishini aytdi.  Shu bilan birga nima uchun odamlar kasalxonalarda hamma narsaga pul to‘lashi haqida so‘z yuritdi. Bundan tashqari, prezident joylarda qishloq vrachlik punktlari bunyod etilishi, zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta'minlanishi haqida ta'kidlab o‘tdi.  Shavkat Mirziyoyev ushbu yig‘ilishda tug‘uruqxonalardagi poraxo‘rlikka chek qo‘yish lozimligini aytdi.

Top