14:25 / 13.02.2017
7841

Samarqandda og‘ufurushlik bilan shug‘ullangan jinoiy guruh a'zolari sud qilindi

Milliy xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘limi xodimlari yirik jinoiy guruh faoliyatini fosh qilishdi. Sputnik muxbiri bergan ma'lumotga ko‘ra, bu guruh giyohvand moddalarning yirik partiyasini tashish bilan shug‘ullangan.

Jinoiy guruh a'zolari Samarqand va Urgut tumanlarida istiqomat qilgan kishilar bo‘lgan. Guruh boshlig‘i Farhod Xursandov giyohvand moddasi tashish bilan shug‘ullangani uchun muqaddam sudlangandi.

«Tezkor xodimlar Urgut va Samarqand tumanlari, shuningdek, viloyat markazi Samarqand shahrida narkodilerlar tarmog‘i harakatlanayotganini aniqlashdi. Ushbu tarmoq a'zolari qo‘shni Tojikiston respublikasi hududidan giyohvand moddalar olib kelib, tarqatish bilan shug‘ullangan. Samarqand tumani va Samarqand shahri hududiga yirik miqdordagi opium olib kirilgani haqida ma'lumot olingach, maxsus amaliyot o‘tkazildi va jinoyatchilar qo‘lga olindi. Xodimlar 1 kilogramm 226 gramm miqdoridagi opiumni musodara qilishdi», deya ma'lum qilgan MXX xodimi.

Jinoiy guruhning asosiy vakillari Urgut tumanida yashovchi Jamil Toyibov va uning o‘g‘li Feruz Boltayev bo‘lib, ular Tojikistondan giyohvand moddalarni yetkazib beruvchi shaxslar bilan aloqador bo‘lishgan.

Jamil Toyibov 2004 yilda noqonuniy ravishda giyohvandlik moddalari saqlaganlik uchun sudlanib, 6 yil muddatga qamalgandi. U 2005 yilda amnistiya tufayli ozodlikka chiqadi. Ammo u davlatning mehribonligini qadrlamagan va odatiy hayotga qaytmagan. Qolaversa u o‘z o‘g‘lini jinoiy guruhga olib kirib, uni giyohvand moddalar tashuvchisiga aylantirgan.

«Jinoiy guruh a'zolari Aslan Bozorov, Naim Xomidov, Asliddin Yoqubov, Ravshan Jo‘rayev, Tolmas Qudratov va O‘tkir Soliyevning yashash joylari tekshirilganida 1 kilogrammdan ortiq opium, elektron tarozilar, jinoiy yo‘l bilan topilgan xorijiy va milliy valyutalar musodara qilindi», deya ma'lumot bergan MXX xodimi.

Ushbu holat yuzasidan ish jinoiy ishlar bo‘yicha Samarqand tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan. Sudda ayblanuvchilar ayblariga to‘la iqror bo‘lgan. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 273 va 246 moddalari bo‘yicha ayblanuvchilarga 7 yildan 13 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazolari tayinlangan.

Top