14:57 / 13.02.2017
105495

«Sevishganlar kuni» - bayram bilan niqoblangan razillik

Avliyo Valentin kuni. Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, u nima – dunyodagi barcha sevishganlar nishonlaydigan bayrammi yoki razolat, fahsh tantanasi kunimi?

Bir narsa aniq, qadim zamonlardan to hozirgi kunga qadar o‘zini chin ma'noda madaniyatli deb hisoblaydigan insonlar va xalqlar ushbu soxta bayramni nishonlashni mantiqsizlik, kerak bo‘lsa, iffat, or-nomus kabi nozik tuyg‘ularga nisbatan hurmatsizlik, deb baholashadi.

Aholi, ayniqsa, yoshlar orasida ichkilikbozlik, axloqiy buzuqlikni targ‘ib qilish, abortlar, giyohvandlik, niqoblanmagan yovuzlik – mana shular «Sevishganlar kuni»ning asl mohiyatini ochib beruvchi xatarlardir. Ma'lumotlarga qaraganda, zamonaviy insonga kerak bo‘lgan eng muhim narsa «jinsiy yaqinlik erkinligi» ekanligi onglarga singdirilishi oqibatida so‘nggi yuz yil ichida ginekologlarning kabinetlarida abortlar natijasida urushlardagidan ko‘ra ko‘proq jonlar qurbon bo‘lgan. Bugunga kelib abort qilingan chaqaloqlarning to‘qimalaridan tibbiyotda, parfyumeriya mahsulotlari ishlab chiqarishda va oziq-ovqat sanoatida foydalanish taklif qilinmoqda.

«Sevishganlar kuni»da shu kuni sovg‘a qilinadigan gullar, tabrik otkritkalari, dil so‘zlari aks etgan oh-vohli she'rlar ortida bugun o‘zini jahon sivilizatsiyasi va demokratiya makoni, deb atayotgan G‘arbda yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek urchib borayotgan ayollarni kamsitish, ularni tahqirlash, bir jinsli aloqalarning va eng dahshatlisi «oila»larning targ‘iboti, yolg‘on, qanday yo‘llar bilan bo‘lmasin pul topish kabi illatlar yashirin.

Balki siz gapimizga ishonmayotgandirsiz. Unda keling, tarixga nazar tashlaymiz. Qadimda har yili 15 fevralda fahsh botqog‘iga botgani bois asta-sekin chirib, poydevoriga putur yetib borayotgan Rim imperiyasida tiyiqsiz ishqiy munosabatlar ilohasi Junna Fubriat sharafiga fahsh va razolat asosiga qurilgan festival o‘tkazilgan. Guruh bo‘lib ishqiy munosabatga kirishish, bachavozlik, hatto hayvonlar bilan yaqinlik kabi eng chirkin, iflos odatlarni targ‘ib qiluvchi festivalda ishtirok etishga hamma oshiqardi. Shu kuni may ichib mast bo‘lgan erkaklar yalang‘och holda ko‘chaga chiqib, ayollarni ho‘kiz terisidan to‘qilgan qamchi bilan savalaganlar.

Eramizning 5-asri oxiriga kelib, Gelasiy I rahbarligidagi Rim cherkovi ushbu bayramni taqiqlashga harakat qilib ko‘radi. Eng qizig‘i, bu borada cherkov g‘ayriodatiy yo‘l tutadi, ya'ni bayramni 15 fevraldan 14 fevralga ko‘chirib, avliyo Valentinni ushbu bayramning ilohiy rahnamosi deb e'lon qiladi.

Tarixchi olimlar orasida aslida Valentin ismli ruhoniy yashaganmi yoki yo‘qmi, imperator Klavdiy uni qatl etganmi yoki yo‘q, agar qatl etgan bo‘lsa, nima uchun: yoshlar orasida diniy targ‘ibot olib borgani uchunmi, yoxud imperatorning o‘z askarlariga uylanishni taqiqlab qo‘yganiga qaramay, yashirin ravishda ularni nikohlab qo‘yish bilan shug‘ullangani uchunmi, degan savollar atrofida yagona fikr va to‘xtam mavjud emas.

O‘rta asrlarda yaratilgan «Oltin afsona» nomli kitobga ishonadigan bo‘lsak, imperator bilan uchrashgandan keyin Valentin zindonga tashlanadi. Aytishlaricha, shu yerda u zindon boshlig‘ining qizi Juliyani og‘ir darddan xalos etadi. «Oltin afsona»ning muallifi Yakob Vorotinskiy o‘z asarlarida tarixni bo‘rttirib, ba'zan buzib ko‘rsatishni, hatto yolg‘on ishlatishni yaxshi ko‘rgan. Ammo u ham o‘z asarida Valentin va Juliya o‘rtasida qisqa muddatli ishqiy munosabatlar bo‘lganligi haqida yozishdan tiyiladi. Bu narsani asarga keyinchalik uni qayta ko‘chirgan xattotlar qo‘shib chatishgan. Qiziq, diniy ta'limotga ko‘ra ayollar bilan yaqin munosabatda bo‘lishi taqiqlangan ruhoniy qanday qilib, «Sevishganlar kuni» deb atalgan soxta bayramning ramziga, ilohiy timsoliga aylanib qoldi ekan-a? Ushbu bayram o‘zlari uchun har tomonlama – ham iqtisodiy, ham mafkuraviy jihatdan foydali bo‘lgan kimsa va kuchlar uchun go‘yoki sevishganlar tarafini olib johil imperatorga qarshi bosh ko‘targan ruhoniy timsoli juda kerak va ular ushbu nuqtai nazarni zo‘r berib himoya qilishadi, turli vositalar bilan targ‘ib etishadi.

Bundan bir necha asrlar avval sevgi izhorlarini oshiq va ma'shuqalarning o‘zlari bitishgan. Poligrafiya sanoatining rivojlanishi tufayli minglab, millionlab nusxada turli shakl va ko‘rinishdagi, har xil izhorlar bitilgan otkritkalar chop etila boshlandi. Xususan, 1847 yilda Ester Xaulen ismli ayol inglizcha namunalari asosida ana shunday otkritkalar chop etishni yo‘lga qo‘yadi va tez orada boyib ketadi. Bugungi yoshlar «valentinka» deb ataydigan otkritkalar o‘sha paytda Xaulenlar oilasiga yiliga 100 ming dollar atrofida daromad keltirardi.

19-asrda AQShda «valentinka»larning ommalashuvi har qanday bayramning tijorat, pul topish asosiga qurilishiga turtki berdi.

Bugunga kelib, har yili 14 fevral kuni dunyo bo‘yicha 1 milliard donadan ortiq «valentinka» sotiladi. Ana shu otkritkalarning 85 foizini hissiyotlarga beriluvchan ayollar va yoshlar sotib olishar ekan.

Tarixga nazar solsak, 14 fevral aynan «Sevishganlar kuni» sifatida g‘arb mamlakatlarida nisbatan kam qamrovli tarzda bo‘lsada, 14 asrda nishonlana boshlangan bo‘lsa, 19-asrning o‘rtalaridan AQSh va Angliyada Rojdestvodan keyingi yirik bayramga aylanib qoldi. Ushbu razolat bayrami xuddi o‘lat misol aynan manashu hududdan dunyoning barcha qit'alariga tarqaldi. 1969 yilda katolik cherkovi Valentinni dinga va avliyolarga mutlaqo aloqasiz deb topib, bu kunni avliyo Kirill va Mefodiylar kuni deb e'lon qildi. Ammo endi kech bo‘lgandi…

Bu kunni qanday bo‘lmasin pul topib boyish asosiy maqsadlari bo‘lgan tujjorlar, jumladan, yirik qandolat ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlari, ya'ni shokoladlari savdosini yurishtirish uchun ommalashtirganlar degan fikr ham yo‘q emas.

Biz esa bu safga otkritka ishlab chiqaruvchilarni ham qo‘shgan bo‘lardik. Isbot kerakmi, marhamat. «Forbs» jurnalining yozishicha, dunyoning otkritka chop etuvchi eng yirik kompaniyalaridan biri «Xolmark» 2007 yilda, ta'bir joiz bo‘lsa, insoniy tuyg‘ularni otkritkalarga joylab sotish orqali 4 milliard 400 million dollar ishlab olgan. Afsuski, o‘tgan yillar davomida bu mablag‘ ko‘paysa ko‘payganki, aslo kamaymagani aniq.

Bizning buyuk alloma bobolarimiz dunyo ilm fani, madaniyati, tibbiyoti rivojida ulkan burilishlarni boshlab bergan kashfiyotlar bilan band bo‘lgan davrda hali mudroq uyquda yotgan g‘arb bugun bizga qanday yashashni, qanday sevishni o‘rgatmoqchi bo‘layapti. Ayrim ma'naviy qashshoq, loqayd, befarq yurtdoshlarimiz bilib bilmay ularning tegirmoniga suv quyishmoqda. LOQAYDlik so‘zining ma'nosi qayd etmaslik, e'tibor bermaslik, daxldorlikni his etmaslikdir. Befarqlik esa «Menga nima» deb, o‘zini chetga olish. Bu illatlar milliy taraqqiyotimizga zarar yetkazadi. Tashqi g‘oyaviy ta'sir ichki ma'naviy loqaydlik, zaiflik bor joyda ildiz otadi. Befarqlik avomni tarbiyalaydi va atrofga ham shu nuqtai-nazarda munosabatda bo‘ladi. Bu illatlar faollikning kushandasi. Insonda didsizlik sayozlik bilan chiqishadigan holat. O‘ziga yuksak talab qo‘ya olmaslik, ruhan tushkunlik va hafsalasizlik, ma'naviy qashshoqlik, loqaydlik va befarqlik jamiyatning poydevoriga zarar yetkazuvchi xatarlarning, «Sevishganlar kuni»ga o‘xshagan razolat bayramlarining ildiz otishiga zamin hozirlaydi.

Shu bois, ogoh bo‘ling, aziz yurtdoshlar!
Darmon Ibragimov

Top