14:47 / 14.02.2017
9369

«PSJ» va Emeri oldidagi katta muammo. Kunning eng muhim uchrashuvi haqida

Deyarli uch oylik tanaffusdan keyin Yevropa chempionlar ligasi yana qaytmoqda. 14 fevraldan boshlab ko‘hna qit'aning eng nufuzli musobaqasi pley-off bosqichiga start beriladi. Tribuna.Uz kunning asosiy uchrashuvi anonsi bilan sizni tanishtirib o‘tdi.

«PSJ» – «BARSELONA»
14 fevraldan 15 fevralga o‘tar kechasi 00:45. Parij. «Park-de-Prens» stadioni
Bosh hakam: 
Shimon Marchinyak (Polsha).
Translyatsiya: (UzReport, Match TV)

O‘yin oldidan
«PSJ»

Fransiyadagi ichki musobaqalardagi muvaffaqiyatlardan zerikkan «PSJ» yangi mavsumni so‘nggi uchta Yevropa ligasida g‘alaba qozongan ispaniyalik murabbiy Unai Emeri boshqaruvida boshladi. «Barselona» haqida yetarlicha ma'lumotga ega bo‘lgan murabbiy 20 yildan oshiqroq vaqt mobaynida amalga oshmay kelayotgan ishni amalga oshirishi kerak bo‘ladi.

Parijliklar hozirda mamlakat chempionatida ikkinchi o‘rinda bormoqda. «PSJ» bo‘lajak o‘yinga yaxshi kayfiyatda tashrif buyuradi, sababi jamoa so‘nggi turda «Bordo» ustidan yirik 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. 

«PSJ» Chempionlar ligasi guruh bosqichida  6ta uchrashuvning birontasida mag‘lub bo‘lmadi va o‘rtacha hisobda har bir o‘yinda ikkitadan gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Bugun jamoa mazkur yaxshi an'anani davom ettirish orqali kerakli natijaga erishishga harakat qilib ko‘radi.

«Barselona»

«Barselona» ham bu uchrashuvga yaxshi kayfiyatda tashrif buyurmoqda. Ispaniya chempionatidagi so‘nggi o‘yin (Alaves – Barselona 0:6) buni tasdiqlab turibdi. Chempionlik uchun kurashda imkoniyatni boy berayotgan jamoa buyog‘iga asosiy e'tiborini Chempionlar ligasiga qaratishi turgan gap.

Chempionlar ligasi guruh bosqichida «Barselona» «o‘lim guruhi» deya ta'rif berilgan to‘rtlikda 6ta uchrashuvning faqat bittasida, «Manchester Siti»ga qarshi mehmondagi uchrashuvda (1:3) mag‘lubiyatga uchradi. 18 ochkolik imkoniyatdan 15 ochko jamg‘argan kataloniyaliklar jamoasi har bir o‘yinda o‘rtacha hisobda 3tadan gol urishga muvaffaq bo‘ldi. 

Qiziqarli faktlar
– Ikki jamoa so‘nggi 5 mavsumda uchinchi marta pley-off bosqichida duch kelmoqda;
– «PSJ» barcha musobaqalarni qo‘shib hisoblaganda so‘nggi 11ta o‘yining 10tasida g‘alaba qozonib, bir marotaba durang natija qayd etgan;
– parijliklar jamoasi 2016 yilning mart oyidan buyon o‘z maydonida mag‘lub bo‘lmayapti. 24ta uchrashuvda 17ta g‘alaba;
– «Barselona» ham 11ta rasmiy uchrashuvdan buyon mag‘lubiyatga uchramay kelmoqda: 8 g‘alaba, 3 durang;
– kataloniyaliklar jamoasi mehmondagi so‘nggi 5ta o‘yindan 4tasida zafar quchgan;
– shuningdek, Enrike shogirdlari mehmonda samarali harakat qilishmoqda. Jamoa so‘nggi 5ta o‘yinda 14ta gol urgan;
– Unai Emeri «Barselona»ga qarshi so‘nggi 10ta uchrashuvning faqatgina bittasida g‘alaba qozongan, shuningdek uning qo‘l ostidagi jamoa o‘z uyida «Barselona»ni qabul qilgan so‘nggi beshta o‘yinda ham faqat bir marta zafar quchgan.

O‘zaro uchrashuvlar
So‘nggi yillarda bu ikki jamoaning yo‘li aynan shu musobaqada ko‘p kesishmoqda. Misol uchun oxirgi 5 mavsumda jamoalar o‘zaro beshinchi marta uchrashishadi. Bu 10ta uyda va mehmonda o‘tkaziladigan o‘yin degani.

Bugungi kungacha jamoalar o‘zaro jami 9 marta to‘qnash kelishgan. Shundan 8tasi rasmiy uchrashuv bo‘lib, ularning barchasi YeChL doirasida bo‘lib o‘tgan. To‘rtta g‘alaba «Barselona» hisobida. «PSJ» ikki uchrashuvda zafar quchgan, ikki uchrashuvda durang natija qayd etilgan. To‘plar nisbati: 14-9. Sakkiz uchrashuvning 6tasi pley-off bosqichiga to‘g‘ri keladi. Ikki marta «Barselona» raqibini musobaqadan chiqarib yuborgan bo‘lsa, parijliklar birinchi va oxirgi marta 1994/95 yilgi mavsumda «Barselona»ni musobaqadan chiqarib yuborgandi.

Yo‘qotishlar
Uchrashuv oldidan tarkib borasida ikkala jamoada ham jiddiy muammolar yuzaga kelgan. Unai Emeri bu o‘yinda Xaver Pastore va Tiago Motta xizmatidan foydalana olmasligi oldindan ma'lum edi. Bugun jamoa sardori Tiago Silvaning ham uchrashuvda ishtirok eta olmasligi aniq bo‘ldi. Shuningdek, Gjyegoj Krixovyakning ham maydonga tushishi so‘roq ostida qolmoqda.

Kataloniyaliklarda esa yo‘qotishlar ko‘proq. Uchrashuvni jarohati sabab Xaver Maskerano, Rafinya, Arda Turon va Aleish Vidal o‘tkazib yuboradi. Yaqindan boshlab safga qaytgan Andres Inesta va Jyerar Pikening ham jismoniy holati ideal darajada emas.

Taxminiy tarkiblar:
PSJ: 
Areolya, Ore, Kurzava, Kimpembe, Markinos, Rabo, Matyuidi, Verratti,  Di Mariya, Lukas Moura, Kavani.
Barselona: ter Shtegen, Serxi Roberto, Pike, Matyo, Alba, Buskets, Rakitich, Inesta, Messi, Suares, Neymar.

Uchrashuv oldi iqtibosi
«Messi-Suares-Neymarni qanday qilib to‘xtatib qolish mumkin? Faqat tangridan yolvorib so‘rash kerak» © Tiago Silva.

Top