10:47 / 14.02.2017
15936

Rus elchisi bilan gaplashgan amerikalik amaldor nega iste'foga chiqdi?

AQSh prezidenti Donald Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Flinn prezidentni rus elchisi bilan munosabatlari haqida to‘la xabardor etmagani uchun iste'foga chiqdi.

Flinning iste'fosi u o‘tgan yilning dekabrida Rossiyaning Vashingtondagi elchisi Sergey Kislyak bilan Rossiyaga qarshi sanksiyalarni muhokama qilgani haqidagi xabarlar ortidan ro‘y berdi.

Fox News telekanali xabariga ko‘ra, Flinn vitse-prezident Mayk Pensdan ma'muriyatga o‘zining Kislyak bilan aloqalari haqida xato ma'lumot bergani uchun uzr so‘ragan.

Prezident maslahatchisi Kellian Konuey MSNBC telekanali uchun bergan intervyusida esa Flinn Trampning mutlaq ishonchini suiiste'mol qilgani haqida gapirgan.

Flinn Donald Tramp va vitse-prezident Mayk Pensdan uzr so‘radi, u avvaliga rus elchisi bilan suhbati mavzusi sanksiyalar bo‘lganini inkor qildi. Keyinroq esa Oq uyga bergan ma'lumotida suhbat davomida sanksiyalar ham muhokama etilganini tan oldi.

Kislyak bilan muzokara o‘tkazganida Flinn hali lavozimga tayinlanmagandi, shu tufayli uning harakati (AQSh nomidan ish ko‘rish - tahr.) Logan Aktini buzish sifatida talqin etilishi mumkin. Bu aktga ko‘ra, xususiy shaxslar AQShning boshqa davlatlar bilan munosabatlariga aralashish taqiqlanadi.

Logan Akti 1799 yilda qabul qilingan, lekin shu vaqtga qadar amalda qo‘llanmagandi. 

Bundan avvalroq Amerika nashrlari Adliya vazirligi Oq uyni Flinn va Kislyakning aloqalari haqida ogohlantirgani haqida yozishgandi. Adliya vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, Flinn Rossiya tomonidan uyushtirilgan shantaj nishoniga aylangan bo‘lishi mumkin.

Top