10:01 / 14.02.2017
13963

Trampning maslahatchisi Rossiya bilan aloqalari bo‘yicha mojarodan keyin iste'foga chiqdi

© AFP

AQSh prezidenti Donald Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Maykl Flinn o‘z postini tark etgan. Bu haqda o‘z manbasiga asoslangan holda CNN xabar berdi.

Telekanal ma'lumotiga ko‘ra, uning iste'fosiga Rossiya bilan aloqalari sabab bo‘lgan.

O‘tgan haftada Amerika kontrrazvedkasi Maykl Flinninng Rossiya bilan «aloqalari» yuzasidan tekshiruv o‘tkazdi.

Undan oldinroq Washington Post nashri iste'fodagi general-leytenant, mudofaa vazirligi razvedka boshqarmasining sobiq direktori bo‘lgan prezident maslahatchisi o‘tgan yilning dekabrida Rossiya elchisi Sergey Kislyakov bilan Rossiyaga qarshi sanksiyalarni muhokama qilgani haqida xabar bergandi. Uning Rossiya tomoni vakillari bilan ancha avvalroq bo‘lgan aloqalari bo‘lgani aytildi.

Keyinroq Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunday muloqot bo‘lib o‘tgani haqidagi xabarlarni inkor etib chiqdi.

Ma'lumot uchun, Donald Tramp saylovda g‘alaba qozongach, o‘tgan yilning dekabrida saylovlardagi sobiq raqibi Hillari Klinton to‘g‘risida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma'lumotlar tarqatgani uchun o‘tish ma'muriyati xodimlaridan birini ishdan bo‘shatgandi. Bu Maykl Flinning o‘g‘li edi.

Top