17:22 / 14.02.2017
13820

Yuliya Timoshenkoni "korrupsiyaning onasi" deb atashdi

Foto: RIA "Novosti"

Ukraina bosh vaziri Vladimir Groysman mamlakatning sobiq bosh vaziri, parlamentdagi “Batkivshchina” fraksiyasi yetakchisi Yuliya Timoshenkoni “Ukraina iqtisodiy kuchsizligi”, korrupsiya va populizm onasi deb atadi.

Uning ta'kidlashicha, Timoshenko o‘zining 20 yillik siyosiy faoliyati davomida “Ukrainani yo‘qotish uchun barcha ishni amalga oshirgan va unga har doim kimdir halal bergan”. Groysmanning eslatishicha, Timoshenko 2007 yilda uni Vinnitsa shahri hokimi lavozimidan chetlatishga uringan, biroq buning uddasidan chiqa olmagan.

“U mamlakat bosh vaziri bo‘lganidan o‘n yil o‘tdi, Vinnitsa shaharlar reytingidan 49-o‘rindan birinchi pog‘onalarga ko‘tarilgan bo‘lsa, Ukraina uning boshqaruvi ostida – so‘nggi o‘rinlarga tushib ketdi”, - qo‘shimcha qilib o‘tdi u.

Groysman saylanganidan so‘ng Rada hukumat faoliyatining dasturini ma'qulladi – bu bir yil davomida uning iste'fosini imkonsiz qiladi. Shu tariqa, amaldagi hukumatda 2017 yilning apreliga qadar “immunitet” bor bo‘lib, uning iste'fosiga sabab bo‘luvchi hech qanday yuridik imkoniyat yo‘q.

Avvalroq Timoshenko Groysman boshchiligidagi Ukraina hukumatini iste'foga chiqarishga harakat qilishini aytdi. Bu kommunal xizmatlar tariflarining inqirozi fonida yuz berdi. “Batkivshchina” o‘tgan juma kuni Ukraina bosh vazirini iste'foga chiqarish haqida taklif qildi, hujjat loyihasi parlament rasmiy saytida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Biroq o‘sha kunning o‘zidayoq hujjat yo‘qolib qoldi, Timoshenko esa loyiha parlament saytida dushanba kuni paydo bo‘lmasa, sudga murojaat qilishini ma'lum qilgandi.

Ukrainada 2014 yildan beri Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan hamkorlik doirasida aholi uchun gaz narxlari bir necha bor oshdi, shu bilan bir vaqtda, uy-joy kommunal xizmatlari tariflari ham qimmatlashgan. “Ko‘k yoqilg‘i”ning ming kub metri qiymati aholi uchun 2013 yilda 725 grivendan 2016 yilda 6,879 ming grivengacha o‘sdi.

Ukraina hukumati shu munosabat bilan aholining kam ta'minlangan qatlamlariga oshib ketgan tariflar uchun kompensatsiya xarajatlari bo‘yicha dasturni ishga tushirdi. Bu manzilli subsidiyalarni taqdim etish orqali amalga oshiriladi. Hujjatga ko‘ra, iste'molchilar avvaliga xizmatlar qiymatining 50 foizini to‘lashlari mumkin, qolgan qism esa kelasi isitish mavsumi boshlanishiga qadar qoplanishi kerak.

Top