16:58 / 15.02.2017
20552

Eksport shartnomalarini bojxona organlarida hisobga qo‘yish tartibi bekor qilindi

2017 yilning 1 yanvaridan boshlab, tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan tovarlarning eksporti bo‘yicha tuzilgan eksport shartnomalarini xam bojxona organlarida hisobga qo‘yish tartibi bekor kilindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan Toshkent aviatsiya transport prokuraturasi bilan hamkorlikda havo yo‘llari orqali tovarlarni olib o‘tayotgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun ochiq muloqotda ma'lum qilindi. «Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksida bo‘lib o‘tgan muloqot haqida Kun.uz muxbiri xabar qiladi.

Tadbirda keltirilgan raqamlarga ko‘ra, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash, mahalliy ishlab chiqarishni yanada kengaytirish maqsadida tadbirkorlarga 2016 yilda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq “Toshkent-Aero” IBK tomonidan bojxona to‘lovlari bo‘yicha 4,8 trln. so‘mdan ortiq miqdorida imtiyozlar berilgan. 

Farmon bilan tasdiqlangan kompleks chora-tadbirlar Dasturining 24-bandi bilan 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab, tovarlarni eksport bojxona rejimiga rasmiylashtirishda tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvini belgilangan joylardan boshqa joylarda amalga oshirganlik uchun 1 nafar bojxona xodimining 1 soatlik ish vaqti uchun eng kam oylik ish haqining 10 foizi miqdorida undiriladigan bojxona yig‘imi ikki baravarga kamaytirildi.

Masalan, o‘tgan 2016 yilda “Toshkent-Aero” IBK xodimlari tomonidan tovarlarning belgilangan joydan boshqa joyda o‘tkazilgan bojxona rasmiylashtiruvi uchun tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilaridan 75,3 mln. so‘m miqdorida yig‘imlar undirilgan.  Demak, ushbu yildan boshlab, bu kabi xarajatlar teng yarmiga qisqarib, tejalgan mablag‘ tadbirkorning o‘z ixtiyorida qoladi.

Mazkur qulayliklarning afzalligi shundaki, eksport qilishga mo‘ljallangan tovarlarni eksport qilish jarayonini tezlashtiradi, hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq tartibotlarni yanada soddalashtiradi. Bularning bari esa tadbirkorning vaqtini va moliyaviy xarajatlarini qisqarishiga xizmat qiladi.

Farmon bilan 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab, tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan tovarlarning eksporti bo‘yicha tuzilgan eksport shartnomalarini xam bojxona organlarida hisobga qo‘yish tartibi bekor kilindi. Amalda esa tadbirkorlar eksport shartnomalarini majburiy tarzda bojxona organlarida hisobga qo‘yib kelishayotgan edi. Masalan, o‘tgan 2016 yilda “Toshkent-Aero” IBKning tashqi iqtisodiy faoliyat postlarida tadbirkorlarning 126 ta eksport shartnomalari ro‘yxatga olingan. 

Tadbirkorlar endilikda shartnoma va boshqa tegishli hujjatlarni bojxona postiga qog‘oz ko‘rinishida olib kelishlariga hojat qolmadi. Masalan, 2017 yilning 10 fevral holatiga ko‘ra, 16ta eksport shartnomalari va 1ta qo‘shimcha bitim Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali orqali, elektron raqamli imzodan foydalangan holda Tashqi savdo operatsiyalari yagona elektron axborot tizimi orqali elektron shaklda ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Tadbirda Farmoni ijrosi doirasida joriy yilning 1 fevralidan boshlab ishga tushirilgan, eksport va import yuklarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan 20 turdan ortiq ruxsatnoma hujjatlarini turli idoralardan Internet yordamida, onlayn rejimida olish imkonini beruvchi «Yagona oyna» idoralararo axborot tizimi (www.sw.customs.uz) va undan foydalanish tartibi haqida ham tadbirkorlarga batafsil axborotlar berildi.

Ochiq muloqotda, nomidan kelib chiqib, tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada kengaytirishda tadbirkorlarga to‘sqinlik qilayotgan muammolar hamda ularni keltirib chiqarayotgan sabablarni aniqlash, bu borada tegishli taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish masalalar qizg‘in muhokama qilindi.

Ta'kidlash joizki, “Toshkent-Aero” IBK tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini tezkorlik bilan ko‘rib chiqish,  murojaat bilan kelgan aholi hamda tadbirkorlik sub'yektlarini hech qanday to‘siqlarsiz va qulay tarzda qabul qilinishini ta'minlash maqsadida boshqarmalarda fuqarolar qabulxonalari tashkil etilgan. 2017 yil boshida buyon kompleksda 14 nafar jismoniy shaxslar hamda yuridik shaxslar vakillari qabul qilingan.

O‘zaro samimiy, qizg‘in savol-javoblar, bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tgan ochiq muloqotda tadbirkorlar faoliyatida uchrayotgan muammoli masalalar va takliflarni erkin bayon qilib, ular bo‘yicha tegishli javoblar olishdi.

Top