10:30 / 15.02.2017
16521

Kim Chen Nam ukasidan rahm-shafqat so‘ragandi

Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahridagi aeroportda 14 fevral kuni suiqasd qurboniga aylangan KXDR yetakchisi Kim Chen Irning o‘gay akasi Kim Chen Nam 2012 yilda ukasidan avf qilishni so‘ragandi. Bu haqda Janubiy Koreya razvedka xizmati vakili xabar bergan.

Janubiy Koreya Milliy razvedka boshqarmasi ma'lumotiga ko‘ra, aynan 2012 yilda Kim Chen Namning hayotiga birinchi marta suiqasd uyushtirilgan, o‘shanda u omon qolgandi. O‘shanda Kim Chen Nam ukasiga o‘zini va oila a'zolarini afv etish so‘ralgan maktub yozgan.

"Meni va mening oilamga chiqarilgan jazoni bekor qilishingni so‘rayman. Biz hech qayerga g‘oyib bo‘la olmaymiz. Bizning yagona imkonimiz qochib yashash — bu esa o‘zini o‘ldirish bilan teng", — deya Kim Chen Namning o‘z ukasiga yozgan maktubidan parcha keltirgan Yonhap agentligi.

KXDR yetakchisining akasi allaqachon mamlakatni tark etgandi. U o‘tgan vaqt davomida Makaoda yashab, biznes bilan shug‘ullangan. Unga 14 fevral kuni Kuala-Lumpur aeroportida suiqasd amalga oshirildi. U bu vaqtda oilasi yashaydigan Makaoga yo‘l olgandi.

Tergovning taxminiga ko‘ra, shimol koreyslari yetakchisining hayotiga zaharli igna bilan qurollangan ikki ayol suiqasd qilgan va tez orada voqea joyidan g‘oyib bo‘lishgan. Ular shimoliy koreyalik agentlar bo‘lgan. Jinoyatchilar hali Malayziya hududida ekani aytilmoqda. Shuningdek, ular buyurtmachi tomonidan yo‘q qilingan bo‘lishi mumkin.

AQShdagilar ham Kim Chen Nam Shimoliy Koreya hukumati maxsus xizmati agentliklari tomonidan yo‘q qilinganini ishonch bilan ta'kidlamoqda.

Bundan oldinroq, marhumning oila a'zolari Xitoy hukumati tomonidan himoya qilinishi haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid
Top