10:44 / 15.02.2017
6789

O‘zbekistondagi har o‘ninchi o‘smir darsliklardan boshqa hech qanday kitobni o‘qimaydi

«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi «O‘smirlar o‘zi va oilasi haqida» mavzuida tadqiqot o‘tkazdi. Tadqiqotdan maqsad mamlakatimizda bola tarbiyasi, o‘smirlarning foydali mehnatga jalb etilishi, ularning vatanparvarlik tuyg‘usini oshirishda oilaning rolini aniqlash edi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Ijtimoiy tadqiqotda mamlakatimizning barcha hududlaridan 12-16 yoshli o‘g‘il-qizlar ishtirok etgan. Unda qatnashganlarning aksariyati ota-ona ishtirokidagi oilada kamolga yetayotganini bildirgan. Bu holat o‘smirlarning ma'naviy-intellektual va jismoniy kamolotiga sezilarli ta'sir etishi, ularning hayotiy va ta'lim olishdagi ehtiyojlari qondirilishi, umuminsoniy va milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalanishida yetakchi omil ekani ko‘rsatilgan. 

Tadqiqot jarayonida ota-onalar farzandlarining muammolari, o‘qishi, o‘qishdan tashqaridagi ishlariga qiziqishlari, g‘amxo‘rlik qilishlari o‘rganilgan. 

Tadqiqot doirasida o‘smirlarning o‘quv dargohiga munosabati, baholash tizimi, o‘qituvchilar bilan muomalasi, ta'lim maskanidagi o‘quv-tarbiyaviy jarayon ham o‘rganilgan. «Maktabingizni yaxshi ko‘rasizmi?» degan savolga ularning 90,9 foizi ijobiy javob bergan. 

Mamlakatimiz o‘smirlari o‘qishni hayotiy zarurat, deb hisoblaydi. Kollej, litsey va oliy o‘quv yurtlarida tahsilni davom ettirishni istaydi. 

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, o‘smirlarning 43,7 foizi o‘quv adabiyotini o‘qish bilan cheklanar ekan. Har o‘n ishtirokchidan birining tan olishicha, o‘quv adabiyotidan boshqa kitob o‘qimaydi. Qatnashchilarning yarmi (o‘g‘il bolalar) ko‘pincha tengdoshlari bilan suhbat qurish, kompyuter o‘ynashni afzal biladi. Tadqiqot xulosasiga ko‘ra, aholini, ayniqsa, yoshlarni milliy va jahon klassik asarlarini o‘qishga targ‘ib qilishning yangi usul va vositalarini shakllantirish taqozo etiladi. 

Tadqiqot jarayonida o‘smirlarning maqsad va intilishlari ham o‘rganildi. O‘rta va yuqori sinf o‘quvchilarining deyarli hammasi (97,7 foiz) hayotdagi maqsadi va kelajakdagi rejalarini belgilab olgan. 

Har ikki o‘quvchidan birining hayotdagi ideali, qahramoni ularning ota-onasi ekani aniqlandi. O‘zbekiston o‘smirlari o‘qituvchilari, taniqli siyosatchilar, jamoat arboblari, fan va madaniyat namoyandalariga o‘xshashni istaydi. Ishtirokchilarning o‘ndan biri sportchi va tibbiyot xodimlariga mehr qo‘ygan. 

Yoshlarning aksar qismi o‘zlarini vatanparvar, deb biladi. Ularning fikricha, Vatanga muhabbat unga xizmat qilish, tinchlik va osoyishtalikni saqlash, ajdodlar merosini asrash, tarixi va madaniyatini bilish demakdir. Vatanni sevishning eng oliy ko‘rinishi – uni himoya qilishga hamisha shay turish, deb hisoblaydi. 

Ijtimoiy so‘rov oila va oilaviy qadriyatlar jamiyat, ma'naviyat, milliy an'ana va urf-odatlarning negizi ekanini yana bir bor isbotladi. O‘smirlarning 93,7 foizi oila eng sevimli va yaqin insonlarning ittifoqidir, deya xulosa bergan. 

Top