00:31 / 15.02.2017
34011

UZCARD tizimi 2016 yilgi faoliyatini sarhisob qildi

O‘zbekistonning elektron to‘lovlar bozori faol o‘smoqda, zero tranzaksiyalar soni, to‘lov servislari tomonidan qayta ishlanuvchi pul vositalari hajmi oshib bormoqda. Mobil tijorat va to‘lovlar orqali to‘ldirilib borilayotgan elektron pullarni qo‘llash ko‘lami ham kengaymoqda. 2016 yil o‘zbekistonliklar tomonidan plastik kartalar orqali amalga oshirilgan to‘lovlarning eng sermahsul davri bo‘ldi. «UZCARD» banklararo to‘lov tizimi 2016 yilgi faoliyatini sarhisob qildi.

Naqd pulsiz to‘lovlar

Yagona umumrespublika protsessing markazi (YaUPM)ning monitoring natijalari tahliliga ko‘ra, to‘lov kartalari yordamida amalga oshirilgan xaridlar soni 2016 yilda tezkor sur'atlarda o‘sgan.

Plastik kartalar bo‘yicha tranzaksiyalarning umumiy soni 1018,0 million donani tashkil qilgan va 2015 yilga nisbatan 81 foizga oshgan (2015 yilda - 561,8 million dona).

2016 yilda tranzaksiyalarning umumiy summasi 53,3 trillion so‘mni tashkil qilgan va o‘tgan yilga nisbatan 74 foizga oshgan (2015 yilda - 30,7 trillion so‘m).

E-Commerce

Elektron tijorat bo‘yicha yakuniy ma'lumotlarning ko‘rsatishicha, 2016 yilda YaUPM bilan bir vaqtda respublikaning ba'zi tijorat banklari ham elektron tijorat sohasida o‘z mahsulotlarini mahalliy bozorga olib chiqishgan. O‘zbekistonliklar borgan sari ko‘proq mobil qurilmalardan foydalanib, onlayn-to‘lovlarni amalga oshirishmoqda.

2016 yilda O‘zbekistonda elektron tijorat barqaror o‘sishni namoyish etdi. YaUPM ekspertlari baholariga ko‘ra, o‘tgan yili mamlakatdagi onlayn-biznes 2015 yilga nisbatan katta tezlikda rivojlandi. Masalan, 2016 yilda e-commerce tranzaksiyalari soni 155,3 million donani tashkil qilgan, bu 2015 yilga nisbatan 90 foizga ko‘p demakdir (2015 yilda - 81,8 million tranzaksiya qayd etilgan).

2016 yilda elektron tijorat bo‘yicha tranzaksiyalarning umumiy summasi 998,192 milliard so‘mni tashkil qildi, ya'ni 2015 yilga nisbatan 130 foizga oshdi (2015 y - 433,398 milliard so‘m).

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "O‘zbekiston Respublikasida 2016-2018 yillarda elektron tijoratni rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta'minlash hamda moliyaviy xizmatlarning onlayn-imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida yangi «Woy-wo’» YaUPM loyihasi paydo bo‘ldi.

Bu - bugungi kunda Internet-do‘konlar, yirik supermarketlardan xaridlarni osonlikcha amalga oshirish, uyali aloqa xizmatlari uchun hisoblashish, o‘quv markazlariga pul o‘tkazish mumkin bo‘lgan portal. Faol rivojlanib borayotgan «Woy-wo’» to‘lov loyihasi Internet-maydonida turli tovar va xizmatlarni yetkazib beruvchilar va iste'molchilarni birlashtiradi.

YaUPM ekspertlarining ta'kidlashicha, mobil to‘lov servislari iste'molchilarga ularning shaxsiy va moliyaviy ma'lumoti himoya qilinishiga ishontira olgan. Bu ham O‘zbekistonda elektron tijorat taraqqiyotining asosiy omillaridan biridir.

E-Commerce rivojining ijobiy dinamikasi haqida so‘z yuritar ekanmiz, to‘lovlarning aksariyati mobil aloqa, internet xizmatlari to‘lovlari turkumiga kirishini ta'kidlash joiz, ya'ni bunda mijoz darhol raqamli xizmat yoki kontentga ega bo‘ladi. Klassik tovarlarga keladigan bo‘lsak, iste'molchi hanuz onlayn-xaridlarga ishonchsizlik bilan munosabatda bo‘lmoqda. Bundan tashqari, sohaning gullab-yashnashi uchun shunga muvofiq logistik infratuzilma zarur.

Onlayn va oflayn kartalar

Bugunga kelib, O‘zbekistonda to‘lov kartalari onlayn va oflayn rejimda ishlamoqda. Onlayn rejimida ishlovchi kartalar soni tezkor sur'atlarda o‘sib bormoqda. Hozirda O‘zbekiston Respublikasining tijorat banklari tomonidan 11 milliondan ziyod «Uzcard EMV» (onlayn) tizimidagi kartalar chiqarilgan.

Mazkur tizim yangi funksiyalarni operativ kiritish hamda bank va to‘lov xizmatlarining yangi turlarini joriy qilish uchun katta imkoniyatlarni ochdi. Shuningdek ma'lumotning himoya darajasini oshirdi va firibgarlikning oldini olishga hissa qo‘shdi. Tizimning qulayligi yana shundan iboratki, «Uzcard EMV» egalari vaqtni boy berishmaydi. Bank muassasalariga borishmaydi, to‘lovlarni amalga oshirish uchun kassa oldida navbat poylashmaydi.

2016 yilda O‘zbekistonda eski namunadagi (DUET – Oflayn) to‘lov kartalari bo‘yicha tranzaksiyalar soni qisqarishda davom etdi, onlayn tranzaksiyalar (Smart Vista – onlayn) soni esa, aksincha, shiddat bilan o‘sdi.

2016 yilda mamlakatimizdagi naqd pulsiz, onlayn-kartalar orqali amalga oshirilgan to‘lovlar hajmi 48,30 trillion so‘mni tashkil qildi. Oflayn-kartalar orqali esa 5,01 trillion so‘mlik to‘lovlar amalga oshirildi.

2016 yilda yangi namunadagi to‘lov kartalari (Smart Vista-onlayn) bo‘yicha tranzaksiyalar soni 916,2 million donani tashkil qildi (2015 yilda - 391,0 million dona). Eski namunadagi to‘lov kartalari (Duet – oflayn) bo‘yicha tranzaksiyalar soni 101,9 million donani tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 40 foizga kam (2015 yilda - 170,8 million dona).

2016 yil statistikasiga ko‘ra, onlayn-tranzaksiyalar soni oshib, yil oxirida o‘sish 103 foizni tashkil qilgan. Oflayn-tranzaksiyalar ko‘rsatkichlari esa yil oxiriga borib 68 foizga pasaygan.

2016 yil davomida pul ekvivalentidagi onlayn-tranzaksiyalar umumiy hisobda barqaror rivojlangan (yillik hisobda 135 foizga o‘sgan). Shuningdek oflayn plastik kartalardan to‘langan xaridlar summasi hajmi 71 foizga kamaygan.

Top