18:59 / 17.02.2017
27031

Kim Chen Inning o‘ldirilgan akasi haqida avval hech kim bilmagan ma'lumotlar paydo bo‘ldi

Yaponiyalik jurnalist Yoji Gomi Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning o‘gay akasi shaxsi haqida avval hech kim bilmagan tafsilotlarni keltirdi. U bir necha kun avval Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahri aeroportida o‘ldirilgandi. Bu haqda The Telegraph yozmoqda.

2012 yilda Gomi o‘z ichida marhum bilan shaxsiy suhbatlari va elektron yozishmalari aks etgan kitobni taqdim etdi. Muxbirning yangi izohlari esa Yaponiyaning Tokyo Shimbun gazetasida e'lon qilindi.

Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, Kim Chen Nam Shimoliy Koreyadan chiqib ketishiga qadar ham mamlakatda islohotlar o‘tkazishga chaqirgan. Keyinchalik u bir necha bor KXDR rejimi albatta qulashi, Kim Chen In esa davlat rahbari lavozimini uzoq muddat egallab tura olmasligini aytib o‘tgan.

Shu bilan bir qatorda, Gomining aytishicha, Kim Chen Nam hech qachon ukasi bilan yuzma-yuz ko‘rishmagan, KXDR rahbariyati haqidagi shaxsiy suhbatlarda esa u “terlagan hamda o‘zini noqulay his qilgan”. “U xuddi o‘z so‘zlarini qanday qabul qilishlarini sezishga harakat qilgandek tasavvur uyg‘otardi”, - deya ta'kidlab o‘tdi jurnalist.

Shuningdek u Kim Chen Nam qotilligi Shimoliy Koreya va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarning sovuqlashishiga olib kelishiga ishonchi komil ekanini ham aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu marhum Xitoy hududida yashagani va Pekindan hattoki xavfsizlik bo‘yicha kafolatlar olgani bilan bog‘liq. “Xitoy bu hodisa yuzasidan haligacha hech qanday rasmiy bayonot bermadi. Bu ular ham vaziyatdan hayratga tushishganini ko‘rsatadi”, - deya qo‘shimcha qilgan jurnalist.

Ma'lumot uchun, Kim Chen Nam Kuala-Lumpur aeroportida 13 fevral kuni o‘ldirildi. Turli ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra, qotillik ortida Shimoliy Koreya hukumati turgan.

Marhum shimoliy koreyaliklar sobiq yetakchisi Kim Chen Irning nikohdan tashqarida tug‘ilgan o‘g‘li sanaladi. U KXDRni 2001 yilda tark etgan bo‘lib, o‘sha vaqtdan beri vataniga bir marotaba ham bormagan. Mamlakatdan chiqib ketguniga qadar hukumatda bir qator yuqori lavozimlarni egallagan.

Mavzuga oid
Top