19:53 / 18.02.2017
6232

Afg‘oniston raketa hujumlari yuzasidan Pokistonga e'tiroz bildirdi

Afg‘oniston tashqi ishlar vazirligi 17 fevralda Pokistonning Kobuldagi elchisi Abror Husaynni chaqirtirib, unga Afg‘onistonning sharqiy viloyatlarining raketadan o‘qqa tutilishi yuzasidan e'tiroz bildirdi. Bu haqda Tolo telekanali ma'lum qildi.  

Afg‘onistonning Nangorhor va Kunar viloyatlarining raketadan o‘qqa tutilishi oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi va yana 2 kishi yaralandi.

Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Hikmat Halil Karzay uchrashuv vaqtida Pokiston elchisiga uning mamlakatida yaqinda yuz bergan teraktlar munosabati bilan hamdardlik bildirdi va shu bilan birga raketa hujumlariga tushuntirish berishni talab qildi.     

16 fevralda Pokistonning Sahvon-Sharif shahridagi shoir La'l Shahboz Qalandar maqbarasi majmuasida portlash yuz bergandi. Ushbu hujum uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga olgan. Terakt majmuada sufiylik tariqatiga amal qiluvchilar an'anaviy marosimni o‘tkazayotganlarida yuz bergan. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, terakt oqibatida 88 kishi halok bo‘lgan, yana 300 dan ko‘proq kishi jarohatlangan.      

Keyinroq Pokiston qurolli kuchlari rasmiy vakili,  general-mayor Asif G‘ofur Pokiston armiyasi terakt Afg‘oniston hududidagi "dushman kuchlar" buyrug‘i bilan oshirilgan deb hisoblashini va Islomobod javob choralarini ko‘rmoqchiligini aytgan. Keyinroq Pokiston-Afg‘oniston chegarasi xavfsizlik nuqtai nazaridan noma'lum muddatga yopib qo‘yilgan. 

Top