13:34 / 19.02.2017
26665

Amu-Buxoro mashina kanali boshqarmasidagi jinoyatchilar fosh etildi

Omonjon Atoqov Olot tuman Amu-Buxoro mashina kanali boshqarmasining rahbari lavozimida 2014 yil yanvar oyidan boshlab faoliyat ko‘rsatib kelgan, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Rahbarining birgina ishorasini ham qat'iy topshiriq sifatida bajaradigan bosh energetik Sardor Hamroyev va bosh hisobchi Elamon Ernazarovlar jinoiy til biriktirishda hamjihat bo‘lishgani bois, oxir-oqibat sudning qora kursisigacha yetib kelishdi. Ular korxonada elektr energiyasidan noqonuniy foydalanishlari natijasida davlat manfaatlariga 57 mln. 354 ming so‘mlik zarar yetkazishadi.

Shuningdek, O.Atoqov, S.Hamroyev, E.Ernazarovlarning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari natijasida boshqarmaga tegishli 21 mln. 340 ming so‘mlik avtobenzin talon-toroj qilinadi.

Aslida, mazkur boshqarmaning xarajatlar smetasi va shtatlar jadvallarida xodimlarga bir oylik maosh miqdorida moddiy yordam ajratilishi ko‘zda tutilgan. Biroq bosh hisobchi E.Ernazarov davlat byudjyeti hisobidan saxovatpeshalik qilishni afzal bilib, o‘z mansab vakolatlaridan foydalangan holda, yoshga doir pensiyaga chiqayotgan xodimlarga eng kam ish haqining o‘n baravari miqdorida moddiy yordam yozib, byudjyetning 32 mln. 117 ming so‘m miqdoridagi mablag‘ining talon-toroj bo‘lishiga sababchi bo‘ldi.

Shu bilan birga, bu shaxs ish joyi tuman markazida joylashgan, xizmat vazifasi esa doimiy ravishda cho‘l va suvsiz hududlar bilan bog‘liq bo‘lmagan texnik va kichik xizmat ko‘rsatuvchi, markaziy dispetcherlik xizmati xodimlarining ish haqiga ham 15 foizlik ustama qo‘shib, 32281,6 ming so‘m byudjyet pullarini noqonuniy tarzda to‘lab yuboradi.

Davlat mulkiga xiyonat qilib, byudjyet mablag‘larini qonunga xilof tarzda sarflagan qonunbuzarlarga nisbatan tegishli qonuniy choralar ko‘rildi.

Top