12:55 / 19.02.2017
14727

Andijonda «To‘maris» spektakli namoyish etildi

Andijon qo‘g‘irchoq teatrida "O‘zbekkino" milliy agentligi qoshidagi "Kinoaktyor" teatr studiyasining "To‘maris" spektakli namoyish etildi. Taqdimotga viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligida jamoatchilik vakillari, ziyolilar, o‘quvchi va talabalar, teatr muxlislari tashrif buyurdi. Bu haqda "Andijonnoma" sayti xabar bermoqda.

Yozuvchi Yovdat Ilyosovning "Olachipor ajal" tarixiy romani asosida Sayfiddin Meliyev sahnalashtirgan "To‘maris" spektakli rejissuradagi o‘ziga xos yondashuv hamda yechimi bilan ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda.

Asarda sak-massagetlar malikasi To‘marisning sharafli hayot yo‘li, Vatan ozodligi uchun Eron shohi Kiryovushga qarshi mardonavor kurashi qiziqarli va ta'sirchan lavhalar yordamida aks ettiriladi. Ilmira Rahimjonova ijrosidagi bosh qahramonning shahdu shijoati, or-nomus, el-yurt sha'ni yo‘lidagi jasorati yosh tomoshabinlarni ona yurtga muhabbat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashi bilan ahamiyatlidir. Sahnadagi har bir dekoratsiya, davr ruhini beruvchi musiqiy fon, Karim Mirhodiyev, Farhod Xudoyberdiyev, Husan Rashidov, Feruza Sobitova, Nargiza Salmonova singari aktyorlarning professional ijrosi o‘zaro uyg‘unlashib, spektaklning umumiy g‘oyasiga xizmat qiladi.

Top