10:29 / 20.02.2017
19606

Aviatsiya tarixini o‘zgartirgan 10 halokat

Xavfsizlik kamarlari, kislorod niqoblari, tutundan ogohlantiruvchi qurilmalar va hattoki oddiy favqulodda holatlarda chiqish joylari samolyotlar yo‘lovchilari tomonidan tabiiy bir narsa, deb qabul qilinadi. Biroq bularning bari bortdagi xavfsizlikni oshirishga qaratilgan bo‘lib, laynerlarda har doim ham bo‘lmagan. Samolyotlardagi o‘zgarish va yangilanishlar odatda tajriba va xatolar jarayoni bilan amalga oshgan. Shuningdek, ko‘plab insonlarning qurbon bo‘lishi ham bunga turtki bergan.

9 British Airways

Falokat ro‘y bergan yil: 1982
Qanday o‘zgarishga sabab bo‘lgan: vulqonlar otilishi haqida xabardor etish tizimi

9 British Airways reysi bortida yuz bergan falokat "Jakarta hodisasi", degan nomni olgan. Londondan Oklendga parvoz qilayotgan Boeing 747-236B samolyotida kutilmaganda barcha to‘rtta dvigatel o‘chib qolgan, shu bilan bir qatorda, bort tizimlaridan hech biri qandaydir nosozlik haqida ogohlantirmagan, samolyot saloni esa tutun bilan to‘lib ketgan.

Yaqin atrofda joylashgan Jakarta aeroporti dispetcherlari bilan bog‘langan bort favqulodda qo‘nishga, aniqrog‘i, buni rejalashtirishga kirishadi. Uchuvchilar 13 ming fut balandlikdan pastga tushish chog‘ida avvaliga bitta, keyin esa qolgan dvigatellarni ham ishga tushirib yuborishga muvaoffaq bo‘lishdi. Shamol oynalarining ko‘rish qobiliyatini yo‘qotganiga qaramay samolyot omadli ravishda qo‘ndirilgan. 9 British Airways reysidagi barcha 263 yo‘lovchi omon qoldi. Barcha dvigatellarning ishdan chiqishiga esa Galungung vulqoni tomonidan otilgan kul sabab bo‘lgan. U dvigatellardagi havo oqimini ishdan chiqarib, ularning qizib ketishi hamda o‘chib qolishiga olib kelgan. Hodisa vulqonlar otilishi haqidagi ma'lumotlar aviatsiya xizmatlariga taqdim etilishi kerakligini ko‘rsatib berdi.

Air Canada 797

Halokat ro‘y bergan yil: 1983
Qanday o‘zgarishga sabab bo‘lgan: tutundan ogohlantiruvchi tizimlar, o‘t o‘chirish avtomatik qurilmalari

Dallas-Toronto yo‘nalishi bo‘ylab 10 kilometr balandlikda parvoz qilayotgan uchuvchilar nimanidir yonganini sezishadi. Salonda esa quyuq qora tutun tarqalib, samolyot favqulodda pasayib boradi. 30 daqiqadan so‘ng bort Tsintsinnati aeroportiga qo‘ndi. Biroq qo‘nishdan bir necha daqiqa o‘tib samolyot yonib ketdi. Laynerda bo‘lgan 46 yo‘lovchidan atigi 23 kishi omon qoldi.

Samolyot parchalarini o‘rganib chiqqan mutaxassislar hojatxona ortida yong‘in chiqqanini aniqlashdi. Yo‘lovchilar va ekipaj a'zolari esa faqatgina tutunni ko‘rishgan. Evakuatsiya jarayonidagi havo oqimining ko‘payishi yong‘inni kuchayishiga olib kelgan.

Barcha samolyotlar tutundan ogohlantiruvchi tizimlar, o‘t o‘chirish avtomatik qurilmalari bilan jihozlanishi belgilab qo‘yildi, salonda esa favqulodda holatlarda chiqish mumkin bo‘lgan joylar maxsus belgilar bilan o‘rnatildi.

191 Delta Air

Halokat ro‘y bergan yil: 1985
Qanday o‘zgarishga sabab bo‘lgan: ob-havo lokatorlari

Lockheed L-1011 samolyoti Dallas/Fort-Uert aeroportiga qo‘nishga tayyorgarlik ko‘rayotganida 180 metrlik balandlikda kuchli shamol sabab yer tomonga qarab harakatlangan oqimga tushib qoldi. Bort yerga tekib, soatiga 400 kilometr tezlikda aeroportning suv taqsimlash minorasiga kelib urildi. Bortda bo‘lgan 194 yo‘lovchidan 134 nafari halok bo‘ldi.

Halokatni tekshiruvdan o‘tkazish ob-havo lokatorlarini kuchaytirish lozimligini ko‘rsatdi. 90-yillar o‘rtalaridan boshlab laynerlarni shamol harakatini ko‘rsatib turuvchi funksiyaga ega ob-havo radarlari bilan jihozlash majburiy talabga aylandi.

Piper Archer va Aeromexico

Halokat ro‘y bergan yil: 1986
Qanday o‘zgarishlarga sabab bo‘lgan: transponderlar, TCAS II tizimlari

Aeroportdagi trafik ustidan nazorat tizimining kuchli emasligi hamda kichik aviatsiya samolyotlarining yetarli darajada jihozlanmaganligi Los-Anjyeles aeroportiga qo‘nish chog‘ida Aeromexico kompaniyasining DC-9 layneri va to‘rt o‘rindiqli Piper Cherokee Archer II samolyotining to‘qnashib ketishiga sabab bo‘ldi. Samolyotlar aholi turar-joy tumaniga quladi, 82 inson halok bo‘ldi.

Hodisadan so‘ng kichik aviatsiya samolyotlari transponderlar – havo kemasini aviadispetcher tomonidan payqalishiga xizmat qiluvchi qurilmalar, shuningdek havodagi to‘qnashuvni oldini oluvchi TCAS II tizimlari bilan jihozlana boshlandi.

243 Aloha Airlines

Halokat ro‘y bergan yil: 1988
Qanday o‘zgarishlarga sabab bo‘lgan: texnik ko‘rik va xizmat ko‘rsatish talablarining oshirilishi

Aloha aviakompaniyasiga tegishli Boeing 737 bortining Xilo aeroportidan Honolulu aeroportiga parvozi chog‘ida kutilmaganda samolyotning fyuzelaji tushib ketdi hamda yo‘lovchilar ochiq havoda bo‘ronli shamol va 45 daraja sovuqda uchishga majbur bo‘lishdi. Layner Honolulu aeroportiga omadli ravishda qo‘ndirildi. Turli darajada tan jarohatlari olgan 94 yo‘lovchi omon qoldi, halokat oqibatida bir nafar bortkuzatuvchi hayotdan ko‘z yumdi.

NTSB transportdagi xavfsizlik bo‘yicha milliy kengashi hodisaga olib kelgan bir qator sabablarni ma'lum qildi. Ular orasida zanglash, fyuzelaj qismlari orasidagi kamchiliklar, chegalarning eskirgani, fyuzelajga zarar yetgani bor. Aniqlangan nosozliklar qisqa reyslarni amalga oshiruvchi samolyotlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish talablarini kuchaytirilishiga sabab bo‘ldi. 

UA 232

Halokat ro‘y bergan yil: 1989
Qanday o‘zgarishlarga sabab bo‘lgan: gidravlik tizimda yordam klapanlari

Halokat United Airlines kompaniyasiga tegishli samolyot Denver shahrining Steplton aeroportidan parvoz qilganidan bir necha daqiqa o‘tib sodir bo‘ldi. Laynerda dvigatel havo haydash tizimi buzilib, uning 160 kilogrammga teng parchalari gidravlika tizimi va gorizontal qismlar yuzasi (patlar)ga zarar yetkazdi. Bu gidravlik suyuqlik va rul boshqaruvining butunlay yo‘qotilishiga olib keldi. Faqatgina qanotlarda bo‘lgan ikkita dvigatel ishlagan, shu bilan bir qatorda, bort yetkazilgan zararlar tufayli o‘ng tomonga og‘ishda davom etgan.

Uchuvchilar samolyotni barqaror holatga olib chiqishdi hamda dispetcherning ko‘rsatmasi bilan favqulodda qo‘nish amalga oshirilishi lozim edi. Uning vaqtida samolyot kuchli shamol oqimiga tushib qoldi hamda yerga tegib, bir qancha bo‘laklarga bo‘linib ketdi. Buning oqibatida bort qo‘yish yo‘lagidan chiqib ketib, ag‘darilib ketgan. Laynerda bo‘lgan 285 yo‘lovchidan 184 inson omon qoldi.

Halokatga texnik ko‘rik paytida payqalmagan ventilyator rotoridagi eski yoriq sabab bo‘lgani aytilgan. Natijada gidravlik tizimda yordam klapanlari konstruksiyaning majburiy elementiga aylanishi belgilab qo‘yildi. Shuningdek? dvigatellar haqida ma'lumot berish jarayoni ham yaxshilandi.

USAir 427

Halokat ro‘y bergan yil: 1994
Qanday o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi: rul boshqaruvi mexanizmining yaxshilanishi

Chikago-Florida yo‘nalishi bo‘ylab parvoz qilgan Boeing 737 Pittsburgda qo‘nib o‘tishi lozim edi. Biroq aeroportdan 10 kilometr masofada bort chap tomonga keskin burilib, soatiga 483 kilometr tezlikda yerga quladi. Bortda bo‘lgan 132 yo‘lovchidan birontasi ham tirik qolmadi.

USAir hodisada Boinglar ishlab chiqaruvchisini aybladi. Ular esa bunga uchuvchilarning xatosi sabab bo‘lganini ma'lum qilishgan. NTSB transportdagi xavfsizlik bo‘yicha milliy kengash mutaxassislari bu voqeani o‘rganishga 5 yil sarflashdi. Oxir-oqibat ekspertlar halokatga rul yo‘nalishining buzilishi sabab bo‘lgan, degan xulosaga kelishdi. Bu barqarorlashtirish servomotori klapanidagi nosozlik tufayli ro‘y bergan.

Rul boshqaruvidagi minglab tajribalar seriyasi gidravlik suyuqlikning sovuq metallga tushganida rulning servo-klapani yeyilib ketishini ko‘rsatdi. Boing kompaniyasi bu nosozlikni bartaraf etishga 500 million dollar sarfladi.

592 ValuJet

Halokat ro‘y bergan yil: 1996
Qanday o‘zgarishga sabab bo‘ldi: yong‘in haqida ogohlantiruvchi tizim

1996 yilning 11 may kuni ValuJet Airlines kompaniyasining 592-borti Mayami-Atlanta yo‘nalishi bo‘ylab rejali reysni amalga oshirayotgan edi. Parvozga chiqqandan to‘qqiz daqiqa o‘tib samolyotning yuk qismida yong‘in boshladi. Bunga muddati o‘tkazib yuborilgan pirotexnika kislorod generatorlarining o‘zidan-o‘zi ishlab ketishi sabab bo‘ldi. Samolyot avvaliga tutunga to‘lib ketdi, keyinroq esa old salon poli o‘rindiqlar va yo‘lovchilar bilan yonayotgan yuk qismiga tushib ketdi. Samolyotning o‘zi esa Evergleyds botqog‘iga qulab tushdi. Laynerd bo‘lgan barcha 110 yo‘lovchi halok bo‘ldi.

Bu halokatdan so‘ng barcha samolyotlarning qurilmalar panelida yong‘in haqida tez ogohlantirish tizimlari joylashtirilishi majburiy etib belgilandi.

TWA 800

Halokat ro‘y bergan yil: 1996
Qanday o‘zgarishga sabab bo‘ldi: azotni yuzaga keltirish tizimi

1996 yilning 17 iyul kuni Trans World Airlines aviakompaniyasining 800-reysi Nyu-Yorkdagi Jon Kennedi aeroportidan Rimga parvoz qildi. Samolyot belgilangan yo‘nalish bo‘yicha Parijda qo‘nishi kerak edi, biroq bort Fransiya poytaxtiga yetib bormadi. Parvozdan 12 daqiqa o‘tib Boing-747 havoda portlab ketdi. Bortda bo‘lgan 230 nafar kishining barchasi halok bo‘ldi.

Ekspertlar bunga terrorchilik bombasi yoki raketa hujumi sabab bo‘lgan, deb taxmin qilishdi. Biroq surishtiruv jarayonida bu versiyalar rad etildi. Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, halokat yoqilg‘i bakidan tashqarida bo‘lgan simlarning tutashuvi sabab ro‘y bergan. Buning natijasida bak ichidagi yoqilg‘i hajmini o‘lchovchi tizim bilan ulangan simga yuqori bosim o‘tkazilib, u yong‘inga va yoqilg‘i bakining portlashiga sabab bo‘lgan.

Bu halokatdan so‘ng Boinglar markaziy yoqilg‘i bakiga azot bilan boyitilgan gaz aralashmasini beruvchi tizim bilan jihozlandi. Ushbu texnologiya o‘t olish ehtimolini kamaytirib, samolyotlar bakidagi yoqilg‘i bug‘larining portlash xavfini pasaytiradi. 2008 yildan bunday tizim bilan barcha samolyotlar jihozlandi.

SWR 111

Halokat ro‘y bergan yil: 1998
Qanday o‘zgarishga sabab bo‘lgan: o‘tga chidamli materiallar yordamida himoyalanish

Swissair aviakompaniyasining SWR 111 reysi Nyu-Yorkdagi Jon Kennedi nomidagi aeroportdan Jyenevaga parvoz qilayotgandi. Havoga ko‘tarilgandan bir soat o‘tib uchuvchilar tutun hidini sezishdi. Ekipaj bunga havo almashtirish tizimidagi nosozlik sabab bo‘lgan, deb o‘ylab favqulodda qo‘nish haqida murojaat yubordi. Undan avval esa uchuvchilar yoqilg‘ini dengizga tashlab yuborishdi, biroq manyovrni bajarish chog‘ida nimadir ro‘y bergan hamda ekipaj favqulodda holat haqida xabar bergan. Shundan so‘ng kabinada barcha qurilmalar o‘chib qoldi va layner dengizga qulab tushdi. Laynerda bo‘lgan 215 yo‘lovchi halok bo‘ldi.

Halokatdan bir yil o‘tib dengiz tubidan samolyotning barcha bo‘laklari yuzaga ko‘tarildi. Surishtiruv jarayoni to‘rt yil davom etib, uning yakuniga ko‘ra, halokatga IFEN ko‘ngilochar bort tizimidagi qisqa tutashuv oqibatida kelib chiqqan yong‘in sabab bo‘lgani aniqlandi. Simlarda ishlatiluvchi himoya materiali yong‘inga u qadar chidamli bo‘lib chiqmagan, bu esa olov kelib chiqishi va barcha qurilmalar ishining buzilishiga sabab bo‘lgan.

SWR 111 bortidagi hodisa samolyotlarni yuqori himoyaga ega materiallar bilan jihozlash kerakligini ko‘rsatib berdi.

Top