14:20 / 20.02.2017
32541

Keyingi 5 yilda kim ko‘p qurol sotgan va kim ko‘p qurol sotib olgan?

AQSh va Rossiya bir necha yildan buyon dunyoning eng yirik qurol-yarog‘ eksportchilari maqomida qolishi davom etmoqda. Bu haqda Dunyo muammolarini tadqiq qilish bo‘yicha Stokgolm xalqaro instituti (SIPRI) ma'lumotlariga tayanib, «Kommersant'» agentligi xabar berdi.

Institut xodimlari tayyorlagan hisobotga ko‘ra, 2012 yildan 2016 yilgacha o‘tgan vaqt mobaynida butun dunyo bo‘ylab sotilgan qurolning 33 foizi Qo‘shma shtatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. AQSh 100ga yaqin, Rossiya esa 50 davlatga qurol-yarog‘ yetkazib beradi.

AQSh qurol yetkazib beradigan asosiy davlatlar Saudiya Arabistoni (umumiy eksportning 13 foizi), Birlashgan Arab amirliklari (8,7 foiz) va Turkiya (6,3 foiz). Keyingi 5 yilda AQShning qurol-yarog‘ eksporti hajmi 21 foizga o‘sgan.

Ikkinchi o‘rindagi Rossiyaning global eksportdagi ulushi - 23 foizga teng. Rossiyadan oxirgi 5 yilda eng ko‘p qurol sotib olgan davlatlar — Hindiston (umumiy eksportdan 38 foiz ulush), Vetnam (11 foiz) va Xitoy (11 foiz). Bu 5 yilda Rossiya 50 davlatni qurollantirgan.

Uchinchi o‘rinda 6,2 foizlik ko‘rsatkich bilan Xitoy joylashdi. Xitoyliklardan jahonning 37 mamlakati qurol-yarog‘ xarid qiladi.

To‘rtinchi o‘rinda — Fransiya (6 foiz), beshinchida esa — Germaniya (5,6 foiz) qayd etilgan.

Oxirgi 5 yilda eng ko‘p miqdorda qurol importini amalga oshirgan davlatlar Osiyo va Okeaniyada (umumiy importning 43 foizi). Keyingi o‘rinlarda Yaqin Sharq mamlakatlari (29 foiz), Yevropa (11 foiz), Janubiy va Shimoliy Amerika davlatlari (8,6 foiz) hamda Afrika (8,1 foiz). Keyingi 10 yilda Osiyo, Okeaniya va Yaqin Sharq mamlakatlarining qurol importi hajmi oshgan, Yevropa, Shimoliya va Janubiy Amerika hamda Afrikada esa bu boradagi ko‘rsatkich pastlagan.

Eng yirik qurol importerlari ro‘yxatining beshligida Hindiston (13 foiz), Saudiya Arabistoni (8,2 foiz), BAA (4,6 foiz), Xitoy (4,5 foiz) va Jazoir (3,7 foiz) o‘rin olgan.

Institut 1950 yildan buyon qurollar va harbiy uskunalarning yetkazib berilishini tahlil qilib keladi. 

Rossiyaliklarning 11ta kompaniyasi 100 ta yetakchi qurol ishlab chiqaruvchilar ro‘yxatiga kirgan. 2015 yilda bu kompaniyalar qurol sotishdan 30,1 mlrd dollar daromad ko‘rgan, bu 1 yil avvalgi ko‘rsatkichlarga nisbatan 6,2 foizga o‘sish demakdir.

Top