10:44 / 20.02.2017
32895

Ribo-sudxo‘rlik barcha dinlarda man qilingan illat

Muqaddas dinimiz kishilarni mehnatga, mehnatsevarlikka chorlaydi. Uning hayotbaxsh ta'limotlarida kasb-hunar, omilkorlik, chorvachilik, dehqonchilik, usta-hunarmandlik, tijoratchilik, bozorgonlik, ishchi-xizmatchilik kabi insonning o‘ziga ham, jamiyatga ham, atrof-muhitga ham ulkan foyda va manfaatlar keltiradigan halol ishlar bilan shug‘ullanish orqali farovon turmushga erishuvi keng ko‘lamda targ‘ib va tashviq etiladi.
Ma'lumki, ribo-sudxo‘rlik barcha dinlarda man qilingan. Uning qattiq taqiqlanishiga ko‘p sabablar bo‘lib, ulardan biri tayinli, foydali mehnat qilmagan, mashaqqatsiz, birovlar hisobiga boyish ekanligini ko‘ramiz. Dinimiz ribodan qaytarar ekan, tijorat, tadbirkorlik, ziroatchilik, chorvachilik, hunarmandlik va boshqalar kabi zaminni obod qilib, gurkiratadigan, jamiyatga faqat aniq foyda keltiradigan ishlarni amalga oshirishga buyuradi. Ko‘ryapsizmi, halol mehnat evaziga boylik orttirilganida nafaqat insonning o‘zi, balki el-yurt, atrof-muhit ham manfaat ko‘radi. Ishsizlik muammosiga zarba beriladi, meva-cheva, mol-hol ko‘payadi, bozorlar turli savdo mollari bilan to‘lib toshadi, imoratlar qad rostlaydi.

Dangasalik, ishyoqmaslik esa avvalo insonning o‘ziga, undan keyin boshqalarga ham zarar yetkazadi. Dangasa odam hayotda ko‘p narsaga erisholmaydi. Vaholanki, bu hayot doimiy harakatda, o‘zgarish va yangilanishda bo‘lib, bir bosqichda to‘xtab, qotib turmaydigan jarayondir. Ma'lumki, har bir oilaning o‘ziga yarasha kam-ko‘stlari, ehtiyojlari bo‘ladi, farzandlar o‘sib-ulg‘ayib oyoqqa turguniga qadar ularning ta'minoti bilan shug‘ullanish kerak. Lekin oila boshlig‘i tanbal va ishyoqmas bo‘lsa, ortib boruvchi ehtiyojlar oxir-oqibat uni boshi berk ko‘chaga olib kiradi. Nihoyat, tanbal odam tilanchilik qilishga, g‘ururini toptab, hammadan yordam so‘rashga majbur bo‘ladi. Yalqovlik unga dunyo va oxiratda xorlik keltiradi.
Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Jonim izmida bo‘lgan Zotga (Allohga) qasam, biringiz arqonini olib, o‘tin terib, yelkasida ko‘tarib keltirishi va uni sotib, puliga o‘zi ham yeb, sadaqa ham qilishi Alloh taolo fazlidan ato qilgan boy kishining oldiga kelib tilanishidan yaxshiroqdir. Holbuki, u kishi yo beradi, yo bermaydi”(Muttafaqun alayh).

Darhaqiqat, inson tilanchilikni o‘ziga kasb qilganidan ko‘ra o‘tin terib kelib, hayot kechirgani ming marta yaxshiroqdir. Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan boshqa bir hadisda: “Kishi tilanchilik qilaverib, oxiri yuzida bir parcha ham go‘shtsiz holda Allohga yo‘liqadi”, deb ogohlantiriladi (Imom Buxoriy, Imom Muslim).

Ushbu hadis mazmuniga ko‘ra tilanishni o‘ziga kasb qilib olgan, ishlamasdan, faqat tama bilan tilanish bilan umr kechiruvchi kishi Allohga yo‘lliqqanida yuzida go‘shti bo‘lmas ekan. Bu har holda mukofot emas, balki jazoning bir turi ekani aniq. Chunki yuz go‘shti bilan chiroyli. Agar yuzda go‘sht bo‘lmasa, yuz terisi suyaklarga yopishib, chakaklar va yonoq suyaklari bo‘rtib chiqib, ko‘z ichkariga kirib ketib, kishining qiyofasi qandaydir sovuq va yoqimsiz tusga kiradi. Shu bois yuzining suvini ketkazib, uni qora qilib, doim birovlardan pul so‘rash bilan yashagan odamning o‘z nafsiga nisbatan sodir qilgan jinoyati qiyomatda o‘ziga shu yo‘sinda ko‘rsatib berilsa, ajab emas. Bunday holga tushishdan Allohning o‘zi asrasin!..

Rahmatulloh SAYFUDDINOV
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi

Top