12:19 / 20.02.2017
23252

Toshkent shahri sobiq prokurori shahardagi Xalq qabulxonasiga rahbar bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Toshkent shahridagi «Xalq qabulxonasi»ga rahbar tayinlandi.

Toshkent shahri sobiq prokurori hisoblangan Mirzohid Obidov o‘tgan yilning martida shahar hokimining ma'muriy masalalar, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, o‘zini o‘zi boshqarish organlari va yoshlar siyosati bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib tayinlangandi. U shu yil boshida bu lavozimidan ozod etilgan.

Ammo Mirzohid Hayotovich ko‘p vaqt ishsiz qolmagan. U endi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Toshkent shahridagi «Xalq qabulxonasi»ga rahbarlik qiladi.

O‘zbekiston Prezidentining 2016 yil 28 dekabrdagi «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari, Toshkent shahrida, shuningdek, har bir tuman va shaharda O‘zbekiston Prezidentining Xalq qabulxonalari tashkil etilmoqda.

O‘zbekiston Prezidentining Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasida ham fuqarolarning davlat organlariga murojaat qilishiga oid konstitutsiyaviy huquqlarini ta'minlash uchun barcha qulaylik yaratilgan.

Qabulxonaga kiraverishda Shavkat Mirziyoyevning «Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir», degan so‘zlari bitilgan.

Aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tashkil etish, murojaatlarni ko‘rib chiqish va saqlash uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratilgan. Xodimlar, yosh bolali onalar, nogironlar va fuqarolar uchun barcha jihatlar e'tiborga olingan.

Toshkent shahrida aholi ko‘pligini inobatga olib, bu yerda sohaviy bo‘limlar tashkil etilgan. Ushbu qabulxona Amir Temur ko‘chasi, 14-uyda joylashgan.

Bundan avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bosh prokurori lavozimida ishlagan Hakimbay Halimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi «Xalq qabulxonasi» rahbari etib tayinlangandi.

Top