17:44 / 21.02.2017
15105

Qoidabuzar piyodalar jarimaga tortilmoqda, ammo bu foyda berarmikan...

Foto: Kun.uz

So‘nggi kunlarda ba'zi bir ommaviy axborot vositalari O‘zbekistonda Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi xodimlari yo‘lni belgilanmagan yerdan kesib o‘tgan piyodalarni jarima torta boshlashgani haqida xabarlar tarqatdi. 

Kun.uz ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi IIV yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi matbuot xizmati katta inspektori Mansurjon Rixsiyev bilan bog‘landi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘lni belgilanmagan yerdan kesib o‘tgan piyodalarni jarimaga tortish ancha avval boshlangan.

“Avtomobil yo‘llarini ko‘zdan kechirar ekansiz aksariyat joylarda keksa-yu yosh, ayol-u erkak barcha-barcha ko‘chaning avtomobillar yurishiga mo‘ljallangan qatnov qismidan, o‘zlari hohlagan joyidan, harakatlanish havfsizligi qoidalarini qo‘pol ravishda buzib kesib o‘tayotganligining guvohi bo‘lasiz. Piyodalarimiz tomonidan sodir etilayotgan asosiy qoidabuzarliklar jumlasiga to‘xtab turgan transport vositalari ortidan, binolar panasidan birdaniga yo‘lning qatnov qismiga chiqib qolish, maxsus joylar bo‘lishiga qaramasdan belgilanmagan joylardan yo‘lni kesib o‘tish, yo‘lni kesib o‘tishda quloqchin(naushnik)lardan foydalanish, telefonda gaplashish, davriy nashrlarni o‘qish kabi qoidabuzarliklarni kiritish mumkin. Bu esa ular ishtirokida sodir bo‘layotgan turli ko‘ngilsizliklarning sonini ortib borishiga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, bu holat haydovchilarga ham bir qator noqulayliklarni keltirib chiqaradi” deydi Rixsiyev.

Ma'lum qilinishicha, o‘tgan 2016 yil mobaynida respublika hududida bevosita piyodalar aybi bilan 412ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Inspektor piyodalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining sonini kamaytirish, ularga qulayliklar yaratish maqsadida juda ko‘plab ishlar amalga oshirilayotgani ta'kidlab o‘tdi. Jumladan, aksariyat serqatnov ko‘chalarda maxsus yer osti va yer usti yo‘llari qurilgan. Qoidabuzarliklarning oldini olish maqsadida Toshkent shahri va viloyatlar markazlaridagi ko‘chalar panjaralar bilan jihozlandi. “Lekin ming afsuslar bo‘lsinkim piyodalarimiz ana shu panjaralar ustidan ham oshib o‘tishmoqda. Natijada esa qoidabuzarliklar sodir etilishi hamon davom etmoqda” deya ma'lum qilgan Mansurjon Rixsiyev. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, o‘tgan 2016 yilda respublika bo‘yicha YPX inspektorlari tomonidan jami 27673 ta, 2017 yilning yanvar oyida esa 4351 ta piyodalar qoidabuzarligi aniqlandi. Bu qoidabuzarlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 138-moddasi, 1-qismiga asosan respublikada joriy etilgan eng kam oylik ish haqining uchdan bir qismi miqdorida jarima jazosi qo‘llaniladi.

Eng achinarli tomoni shundaki, kattalarning yo‘l qo‘yayotgan xatolari bolalarga ham o‘z ta'sirini ko‘rsatmoqda. Ular kattalarning xatolarini aynan takrorlashmoqda. Ana shunday holatlarning oldini olish maqsadida yo‘l patrul xizmati inspektorlarining xizmat faoliyatlarini bevosita katta yo‘l yoqasida joylashgan maktablar oldida tashkil etishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

“O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBBda piyodalar ishtirokida sodir bo‘layotgan bunday ayanchli voqealarning ko‘plab sodir bo‘layotganligini e'tiborga olib, mahallalarda, mehnat jamoalarida, avtokorxonalarda, maktablar va maktabgacha tarbiya muassasalarida keng ko‘lamdagi targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Maqsad esa bitta. U ham bo‘lsa insonlarning hayotini asrash, insonni o‘z qo‘li va aql-idroki bilan yaratgan, o‘zining og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilish uchun mo‘ljallangan transportlar g‘ildiraklari ostida hayotdan bevaqt ko‘z yumishiga yo‘l qo‘ymaslik”, deydi Mansurjon Rixsiyev.

Top