14:38 / 21.02.2017
6154

Parij teraktlar sabab 2016 yilda qancha sayyohdan mahrum bo‘lgani ma'lum bo‘ldi

Foto: AP

2016 yilda ro‘y bergan teraktlar Fransiya poytaxti va uning Il-de-Frans tumaniga o‘tgan yilda bir yil avvalgidan ko‘ra 1,5 million sayyoh kam kelishiga sabab bo‘ldi. Bu haqda turizm bo‘yicha Mintaqaviy qo‘mita 21 fevral kuni xabar qildi. Uning ma'lumotiga ko‘ra, mintaqa 1,3 million yevrolik daromaddan quruq qolgan.

Shu tariqa, Parij va qo‘shni shaharlardagi mehmonxonalar xonalarining band etilganidan dalolat beruvchi kishilar-kunlar miqdori ushbu davrda xorijiy turistlarda 8,8 foizga, fransiyaliklar orasida esa 4,7 foizga kamaygan. Shu bilan bir qatorda, mahalliy sayyohlar soni atigi 0,8 foizga pasaygan.

Xorijiy turistlar oqimida esa jiddiy qisqarish kuzatilgan. Xitoylik sayyohlar soni – 268 mingga kamaydi, bu esa 21,5 foizga teng. Yaponiyadan kelgan turistlar soni esa 225 mingga kamroq bo‘lgan (41,2 foiz). Shu bilan bir qatorda, aynan shu ikki davlatdan keluvchi sayyohlar odatda qimmatbaho xaridlar va restoran hamda ko‘ngilochar tadbirlarga borish uchun eng ko‘p mablag‘ sarflaydi.

Shuningdek, Yevropadan bo‘lgan turistlar soni ham qisqargan – italiyaliklar 26,1 foizga kamroq kelishgan bo‘lsa, britaniyaliklar 8,6 foiz hamda ispaniyaliklar 9,9 foiz. Rossiyadan bo‘lgan mehmonlar oqimi 65 mingga kamaydi (27,6 foiz). Fransiyaga eng ko‘p keluvchi turistlar mamlakati bo‘lmish AQShdan sayyohlar miqdori 100 ming kishiga kamaygan (4,9 foiz).

Turistlar soni bilan bog‘liq vaziyatning yomonlashishi muzeylarga bo‘lgan tashriflarga ham o‘z ta'sirini o‘tkazgan. Faqatgina Pompidu Markazi ijobiy natija qayd etgan (9 foiz). Zafar arkasiga (Triumfal arka) 24 foizga kamroq kishi ko‘tarilgan bo‘lsa, Monparnas osmono‘par binosidagi tomoshagohga 32 foiz kamroq odam kelgan. Luvrda esa bu ko‘rsatkich 13,3 foizga teng bo‘ldi, Orse muzeyi -12,9 foiz, Versal - 9,8 foiz, Parijdagi "Disneylend" - 9,5 foiz.

O‘tgan yilning oxirlarida vaziyat bir qadar yaxshilana boshladi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Rojdestvo va Yangi yil vaqtida mintaqa mehmonxonalaridagi kishilar-kunlar miqdori 12,5 foizga ortgan, bu turistik oqim hajmi 581 ming kishiga ko‘payganini ko‘rsatadi.

Mavzuga oid
Top