19:06 / 21.02.2017
44395

O‘zbekistonda ilmiy daraja olish uchun nechta to‘siqdan "eson-omon" o‘tib olish kerak?..

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilmiy tadqiqot faoliyatini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi bilan tanishib chiqib, ilm yo‘lida yurgan yosh tadqiqotchilar oldida turgan muammolar haqida yozishga ahd qildim. Qayd etilishicha Respublika oliy o‘quv yurtlari (OO‘Yu)dagi ilmiy darajaga ega kadrlarning kontingenti o‘rtacha 33 foizni tashkil qiladi.

Buning sababi nimada, deb o‘ylaysiz? Xo‘sh, yoshlarimiz ilm yo‘lidan borishni istashmayaptimi? Yoki ilmiy darajaga ega bo‘lgandan so‘ng, OO‘Yuda faoliyat yuritishni xohlashmayaptimi? Nazarimda, buning ikkisi ham emas. Buning sababi bizda ilmiy daraja beradigan tizimning o‘ta murakkabligidadir.

2013 yildan buyongi tizim haqida munosabat bildirmaylikda, avvalgi fan nomzodi ilmiy darajasini olish qay darajada bo‘lganligini va xorijiy davlatlarda beriladigan PhD darajasini olish bilan solishtirganda qay darajada farq qilganligini solishtirib ko‘raylik. Zero, ikki bosqichli tizimga o‘tilar ekan, PhD ilmiy darajasini olish oldida turgan aniq muammolar xaqida fikr yuritishimiz shart. Ushbu masala xaqida yozishimga undagan sabab ham yangi tizimga ko‘ra, PhD talablari avvalgi fan nomzodi darajasi uchun qo‘yilgan talablardan qiyinroq bo‘lib ketmasin, degan hadikdir. Maqsad shu hadikning oldini olish xaqida yoshlarning fikrini o‘rganish zaruriyatini keng ilm va tadqiqot ahliga yetkazish.

Bu tizimga o‘tishning zaruriy shartlaridan biri OO‘Yularini ilmiy darajaga ega kadrlar bilan ta'minlashni tezlashtirish ekanligidan kelib chiqib, ilmiy tekshirish institutlarida faoliyat yuritayotgan har bir yosh olim, ilmiy tadqiqotchilar oldida turgan muammolarni hal qilish masalasida o‘zining shaxsiy fikrlarini bildirishga haqli, deb bilaman.

Bir necha yillar davomida “nima uchun O‘zbekistonda fan nomzodi ilmiy darajasini olish bu qadar qiyin”, degan masalada bizdagi akademik, fan doktori va professorlarning fikrini tushunishga harakat qildim. Xulosa qilganim bir-biriga qorishib ketadigan ikkita uzviy sabab bo‘ldi.

  1. Bizdagi tizim bo‘yicha ilmiy darajaga (fan nomzodi, ya'ni 2012 yilgacha) ega bo‘layotgan ilmiy xodimlarning ilmiy saviyasi xorijiy davlatlardagi PhD lardan yuqoriroq (nazarimda haqiqatga ancha yaqin).

  1. Ilmiy darajaga da'vogar tadqiqotchi fanning keng (aynan keng) sohasida muammoni to‘liq tushuna oladigan olim bo‘lishi, ya'ni kimyo sohasida tadqiqot olib borgan mutaxassis kimyoga yondosh bo‘lgan biologiya va fizika sohalarini ham to‘liq tushuna oladigan, pishib yetilgan kadr  bo‘lishi shart bo‘lganligi.

Endi zamon talabidan kelib chiqib fikr yuritaylik. Bu bizning yutug‘imizmi yoki kamchiligimiz? Buning javobi masalaga qaysi tomondan qarashga bog‘liq, nazarimda. Masalaga respublika OO‘Yuda ilmiy daraja kontingentining pastligidan kelib chiqib yondoshaylik, chunki OO‘Yu ta'lim sifatini oshirishda birinchi bo‘lib hal qilinadigan muammo bu kadrlar masalasidir.  Yevropa davlatlaridagi PhD lardan ilmliroq, kengroq fikr yuritadigan va ilmiy ishining amaliy ahamiyati yuqoriroq bo‘lgan bizdagi tizim bo‘yicha tayyorlanadigan tabiiy fanlar yo‘nalishida fan nomzodlarining ko‘pchiligi 5-7 yilda himoyaga chiqishgan (kuzatganlarimdan xulosa). Tabiiyki, bu muddatda bizdagi yuqoriroq saviyali ilmiy xodimlar tayyor bo‘lganlariga qadar iqtisodiy taqchillikda yashashga majbur edi yoki o‘zini bu muddat davomida oila boqish maqsadida qo‘shimcha ishga urishga majbur bo‘lardi va bu, o‘z navbatida, himoyaning yana ham kechikishiga olib kelardi.

Yuqoridagi muammolardan kelib chiqib, yosh tadqiqotchilarning fikrini, albatta, o‘rganish kerak, deb hisoblayman. Nazarimda, eng to‘g‘ri yo‘l Yevropa davlatlaridagi PhD tizimiga  to‘liqligicha o‘tishimiz zarur. Turli ilmiy tekshirish markazlarida turlicha qarash mavjudligini hisobga olsak ham bu o‘tish, albatta, avvalgi fan nomzodiga qo‘yilgan talablardan kamroq bo‘lishi shart, deb hisoblayman.

Pirovardida ushbu o‘zgarishlar OO‘Yumizdagi kadrlar yetishmovchiligining oldini olishiga va ta'lim sifatini oshirishga sabab bo‘lishi ehtimolga ancha yaqin.

“Ilmiy tadqiqotchilar 3-4 yil kechroq himoya qilsa ham o‘sha OO‘Yuga borib ishlashi mumkinku”, degan haqli savol tug‘iladi.

Mening nazarimda bu 3-4 yil kechikib himoya qilish ko‘p narsani o‘zgartiradi. Chunki bu davrda yosh ilmiy xodimning fikrlari o‘zgaradi. Hayotga bo‘lgan qiziqishi tubdan o‘zgaradi (salbiy tomonga), u ham inson, charchaydi. Inson omilini xisobdan chiqarmaylik. Fikrim sizga yoqmasa bu masalani 2012 yilgi bir bosqichli tizimga qo‘qqisdan o‘tilgandan keyin ilmiy faoliyatni tashlab ketgan o‘nlab (balki yuzlab) yoshlardan so‘rang. Hozirgacha ishining himoyasi haqida o‘ylayverib charchagan, oila tashvishlari va iqtisodiy ahvolini o‘nglash ilm-fan-ta'limga o‘z hissasini qo‘shishdek Vatan oldidagi buyuk hissiyotdan ancha dolzarbroq muammoga aylangan, yoshi 35-40 ga qarab ketayotgan “Yosh olimlar”dan so‘rang. Biz OO‘Yudagi kadrlar muammosini ijobiy hal qilishni chin dildan xohlasak ilm-fan va tadqiqot bilan shug‘ullanish va Vatanga xizmat qilish niyatida bo‘lgan yosh olimlar oldidagi muammolarni o‘rganishimiz va ijobiy hal qilishimiz zarur.

Keling, alohida muammolar haqida fikrlashaylik. Hozirgi tizimdan ancha osonroq bo‘lgan, 2012 yilgacha bo‘lgan davrdagi fan nomzodi ilmiy darajasiga qo‘yilgan, himoyalarni yillab kechikishiga sabab bo‘lgan asosiy muammolarni eslab ko‘raylik va zamon talabidan kelib chiqib bu qay darajada to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘lganligini o‘zimizcha tahlil qilib ko‘raylik.

  1. Talab bo‘yicha maqolalar soni kamida 2ta va 3ta tezis edi (hozirgi talab bo‘yicha undan ANChA ko‘p).

Maqolalar sonining ko‘p bo‘lishini ilmiy tadqiqot ishining ilmiy-amaliy ahamiyatini belgilanishida mezon bo‘lmasligini ta'minlashga erishishimiz zarur. Arzirli sabablar bor.

Birinchidan, bu mezon himoyani kechiktiradi. Chunki oxirgi olingan natijadan keyin ilmiy ishning oxiri ko‘rinadi va uni chop qilinishini kutish tadqiqotchi tomonidan vaqt yo‘qotilishiga sabab bo‘ladi. PhD darajasi beruvchi xorijiy OO‘Yu va/yoki ilmiy tadqiqot muassasalarida rasman maqola talabini qidirib topa olmadim (misol uchun quyidagi sayt bo‘yicha)

Ikkinchidan, maqolalar soniga e'tiborning kuchayishi ilmiy maqolalarimiz va jurnallarimizning saviyasini pasayishiga olib keladi va kelyapti, xolos. Springer yoki Elsevier jurnallarida chop etiladigan maqolalarning saviyasi mahalliy nashrlarimizdagi ilmiy maqolalardan 4-5 barobar yaxshiroq (balki undan ham ko‘proq). Chunki bu jurnallarda maqola sifatiga e'tibor beriladi. Bizda soniga. Xalqaro nufuzli jurnallarda maqola chop etuvchilar maqolalar soni, deb ataluvchi “dolzarb muammo” ustida bosh qotirmaydi. Avvallari fan nomzodi dissertatsiyasi himoyasi uchun 2-3 ta maqola yetarli bo‘ladi, deb hisoblovchi ilmiy rahbarlar kamdan-kam edi. Sababi himoyalarda ilmiy maqolalar soni ko‘p hollarda 5 tadan ko‘p bo‘lardi va bu ishning saviyasi yuqoriroq darajada bo‘lganligiga go‘yoki ishora edi. Yevropa va Amerikaning nufuzli ilmiy jurnallarida chop qilingan maqolalar bitta PhD ishining mazmunini aks ettiradi (bu mavzuda debat qilishga zarurat yo‘q). Bizda esa bitta nomzodlik dissertatsiyasi bir necha maqolada aks etardi va hozirda ham shunday. Xo‘sh bundan kim manfaatdor - O‘zbekiston fanimi yoki ta'limi? O‘zbekiston kimyo jurnali, O‘zbekiston Biologiya jurnali, FA Dokladlari jurnallarini o‘rtacha Phytochemistry yoki J Agr & Food Chem jurnallari bilan solishtirib ko‘ring. Mahalliy jurnallarimizni O‘zbekistonda ilm bilan shug‘ullanayotgan ilmiy xodimlargina o‘qishi mumkin (agar o‘qisa). Nufuzli xorijiy jurnal maqolalarini esa butun dunyo olimlari topib o‘qishadi, tushunishadi, foydalanishadi va unga havola qilishadi. Buning asosiy sababi ilmiy ishlarimiz darajasidan yoki asbob-uskunalarimiz eskiroqligidan, degan sababni o‘zimizga tasalli qilmaylikda, qo‘limizdan keladigan ish - ilmiy maqolalar sonini kamaytirib sifatini oshiraylik (sifatini oshirishda hali o‘rganishimiz kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p va bu alohida mavzu). Imkoniyatimiz borligidan kelib chiqib maqolalarni halqaro talablardagidek yozishga o‘taylik va jurnallarimiz statusini yaxshilash payida bo‘laylik. Bu borada dissertatsiya himoyasi uchun talab qilinadigan maqolalar sonini kamaytirmas ekanmiz, soatlab gapirishdan ma'no yo‘q. Ilmiy maqolalarimiz dissertatsiya himoyasi uchun emas ilm-fan rivoji uchun bo‘lishini ta'minlaylik.

  1. Dissertatsiya himoyasigacha bo‘lgan ilmiy kengashlar sonini maksimal kamaytirish yoki rasmiy jihatdan umuman yo‘q qilish masalasi jiddiy ko‘rib chiqilishi kerak.

Bilishimcha ko‘pchilik xorijiy davlatlarda dissertatsiyadan avval rasman ilmiy kengash o‘tkazish talabi qo‘yilmaydi (ilmiy loyihalarga aloqador laboratoriya seminarlari bular jumlasidan emas). Bu dissertantning shaxsiy ishi. Aynan shaxsiy ishi ekanligi ilmiy ishini tezroq himoya qilishiga yordam beradi. Laboratoriya darajasida ilmiy ish muhokamasi o‘tkazilishi ular uchun yetarli. Keyingi qaror ilmiy kengashdan.

Ilmiy kengashlarning, albatta, foydali tomonlari bor. Yetakchi tashkilot ilmiy kengashidan o‘tishi dissertant etibor qaratishi zarur bo‘lgan jihatlarni ochib berishi mumkin va shu kabilar. Lekin dissertant ushbu e'tibor berilishi zarur bo‘lgan jihatni aynan o‘sha mutaxassisning shaxsan o‘zidan dissertatsiya ishi bajariladigan muddatda bilib olishi imkoniyati borku, agar zarur deb hisoblanilsa. Zarur deb topilmasa, ya'ni dissertant tomonidan olingan natijalar/ma'lumotlar dissertant va ilmiy rahbari tomonidan yetarli, deb hisoblanilsa, unda yetakchi tashkilot ilmiy kengashidan nima naf. Agarda javobingiz ‘bu seminarlarning o‘tkazilishi dissertantning fikrini auditoriyaga to‘liq va ifodali yetkazib berishini ta'minlaydi’ qabilida bo‘lsa, u holda bu holat nima uchun fikrini to‘liq yetkazib bera oladiganlar uchun ham majburiy bo‘lishi, buning oqibatida nima uchun vaqt yo‘qotishlari kerak?

Shuning uchun dissertatsiya himoyasidan oldin ilmiy kengashning o‘tkazilishi majburiy emas, balki ihtiyoriy bo‘lishini ta'minlashimiz zarur va bu himoyalarni vaqtida bajarilishining ta'minlanishi tomon qo‘yilgan katta qadam bo‘ladi.

  1. PhD ishidan nima kutishimiz kerak?

Judayam og‘riqli savol. 1000 ta ilmiy xodimda bu masalada 1000 xil qarash bo‘lsa kerak.

Vikipediyadagi PhD maqolasidan olingan tekstga bir nazar tashlaylik.

A Ph.D. candidate must submit a project, thesis or dissertation often consisting of a body of original academic research, which is in principle worthy of publication in a peer-reviewed journal. (Wikipedia, PhD).

Ya'ni: (Ilmiy darajaga ega bo‘lish uchun) PhD darajasiga da'vogar ko‘p hollarda original akademik tadqiqotning asosiy natijalarini o‘zida tutgan loyiha yoki dissertatsiya topshirishi shart, prinsipial tarzda ushbu natijalar tahrir qilinadigan ilmiy jurnallarda chop qilishga arzigulik bo‘lishi kerak.

G‘arb tizimiga muvofiq, PhD darajasiga qo‘yiladigan talabdan kelib chiqib, da'vogardan fanning biror tor sohasida amaliy ahamiyatga molik yoki fundamental xarakterdagi ilmiy natijalardan iborat ilmiy yangilikka ega bo‘lgan dissertatsiya himoyasi kutishimiz yetarli bo‘lmasmikin?

Bu borada PhD dissertatsiyasiga qo‘yiladigan talab har bir mutaxassislik uchun alohida ishlab chiqilishi adolatliroq bo‘lardi. Ijtimoiy, aniq, tabiiy fanlarning barcha yo‘nalishlarida tayyorlanidigan PhD ishlariga bitta yoki ikkita gap bilan talabning to‘liq ifodalanishi unchalik puxta o‘ylangan ish bo‘lmasa kerak, nazarimda.

  1. Oliy attestatsiya komissiyasi

OAK deb ataluvchi yuqori davlat organining faoliyatisiz Yevropa davlatlari PhD ilmiy darajasini berishi ko‘pchilikka ma'lum. Ushbu tashkilot vakolatlarini asta-sekinlik bilan bo‘lsada ilmiy kengashlarga berib borilishi dissertatsiya ishi himoyasining tezlashishiga katta turtki bo‘lardi. Xorij tajribasini o‘rganishimiz va OAK faoliyatidan mustaqil ravishda ilmiy kengashlarning o‘ziga ilmiy daraja berish vakolatini yuklashimiz....... Orzuga ayb yo‘q.

Agar yuqorida keltirilgan fikrlarni to‘liqligicha yoki qisman to‘g‘ri deb hisoblasangiz, PhD talablarini ishlab chiqilishida faolroq bo‘lishingizni va yoshlar fikri e'tiborga olinadigan yuqoriroq tashkilotlarga shu kabi mavjud muammolarni yetkazishingizni so‘rab qolardim. Maqsad PhD ishlarining saviyasi pastroq bo‘lishiga erishish emas, balki amalda mavjud real muammolarni (jumladan qog‘ozboklikka oid) PhD talablarini ishlab chiquvchi qonun ijodkorlariga yetkazish. Balki shunda OO‘Yu da kadrlar masalasi tezroq hal qilishinishiga biroz bo‘lsada o‘z hissamizni qo‘shgan bo‘larmidik.

Vatanimiz rivojiga hammamiz o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak.

Akmal Asrorov

Top