08:32 / 21.02.2017
20545

Trampga Qazzofiyning eng noxush bashoratlari haqida eslatishdi

Liviyaning sobiq yetakchisi Muammar Qazzofiyni ba'zilar “qonli diktator” deb hisoblaydi, boshqalarning fikricha, u – Shimoliy Afrika qumlarida rivojlangan va ancha kuchli davlatni yarata olgan siyosatchidir. Uning amakisining o‘g‘li, “Liviyada milliy kurash fronti” rahbari va Liviya-Misr munosabatlari bo‘yicha sobiq koordinator Ahmad Qazzofiy ad-Dam RIA Novosti’ga bergan intervyusida Qazzofiyning kelajak haqidagi ba'zi bir fikrlari haqida o‘z mulohazalarini bildirdi.

Gap nafaqat Liviya haqida, balki mintaqadagi boshqa davlatlar haqida ham borgan. Ko‘plab arab mamlakatlari yetakchilarini to‘ntarib tashlagan G‘arb Shimoliy Afrikaga “demokratiya va ma'rifat” olib kelganini iddao qiladi. Qazzofiy esa aslida hammasi boshqacha bo‘lishi haqida fikr bildirgan: qon, anarxiya va ocharchilik. Yakunda kim haq bo‘lib chiqdi? Bir vaqtlar o‘zini-o‘zi bemalol ta'minlay oladigan Liviyani fuqarolik urushi sababli butunlay tarqoq ahvolga olib kelgan G‘arbmi? Yoki g‘azab otiga mingan olomondan o‘zini omon saqlay olmagan Qazzofiymi? 

Ahmad Qazzofiy ad-Damning fikricha, javob quyidagicha: "Qazzofiy o‘z hayot tajribasi bilan birgalikda tarixchi hamda inqilobchi edi. U Yaqin Sharq mintaqasiga bo‘lgan tahdidlar haqida ma'lumotga ega bo‘lgan. Bu haqda 80-yillarda ogohlantirgan hamda ming afsuski, hozir bu ro‘y bermoqda". "Agarda muammo hokimiyat tepasidan Qazzofiy, yoki Saddam Husaynning ketishigagina bog‘liq bo‘lganida, u holda nima uchun vayronagarchiliklar va qotilliklar hamon sodir etilmoqda?" – deya qo‘shimcha qilgan ad-Dam.

Uning fikricha, G‘arb o‘z xatolarini to‘g‘irlashi kerak: "AQSh sobiq prezidenti Barak Obama xatolarni tan olganidan so‘ng, Buyuk Britaniya jamoalar Palatasining xorijiy ishlar bo‘yicha komissiyasi, Italiya sobiq bosh vaziri Silvio Berluskonining xulosalaridan keyin, - biz uzr so‘rashlarini talab qilamiz. Kim xato qilgan bo‘lsa, ularni to‘g‘irlashi lozim".

AQShning yangi prezidenti Donald Tramp o‘ziga “meros” bo‘lib qolgan xatolar uchun uzr so‘rashga tayyormi? Yoki Vashington yana hech qanday harakatlarga sabab bo‘lmaydigan bayonotlar bilan cheklanadimi?

Darvoqe

Muammar Qazzofiy nazorati ostidagi kuchlar va AQSh hamda YeI tomonidan qo‘llab quvvatlangan muxolifatning qurolli otryadlari o‘rtasidagi qonli mojaro Liviyada 2011 yilda boshlangan. O‘sha yilning oktabrida Qazzofiy hokimiyatdan ag‘darildi hamda o‘ldirildi. Isyonchilarning barcha jangovar amaliyotlariga havodan NATO samolyotlari ko‘mak bergan.

Mavzuga oid
Top