15:22 / 21.02.2017
6383

YUNISEF 1,4 million bola ochlik tufayli hayotdan ko‘z yumishi mumkinligi haqida ogohlantirdi

Foto: AFP

BMTning Xalqaro favqulodda bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) to‘rt mamlakatda 1,4 million bola ochlik tufayli hayotdan ko‘z yumishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Bunday vaziyat Janubiy Sudan, Nigeriya, Somali va Yamanda ro‘y berishi mumkin. Ma'lumotlar BFMTV tomonidan taqdim etilgan.

Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, Yamanda to‘yib ovqatlanmaslikdan 462 ming bola aziyat chekayotgan bo‘lsa, Nigeriyada ularning soni 450 mingga teng. Somalida esa qurg‘oqchilik tufayli 185 ming yosh bola vafot etishi mumkin, bir necha oylardan so‘ng ularning soni 270 mingga oshishi mumkin. Janubiy Sudanda ham xuddi shuncha miqdordagi bola ochlikdan aziyat chekadi.

YUNISEF ijrochi direktori Entoni Layk fojianing oldini olish uchun tezkorlik bilan harakatlar ko‘rish lozimligini ma'lum qildi. «Biz hali ulardan ko‘pini asrab qolishimiz mumkin», - degan u.

27 yanvar kuni BMTning favqulodda yordam ko‘rsatish bo‘yicha koordinatori Stiven O'Brayyen Yamanda davom etayotgan harbiy mojaro o‘z qamrovi bo‘yicha zamonaviy dunyodagi eng yirik ocharchilikka sabab bo‘lishi mumkinligini ma'lum qilgandi. Amaldorning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning taxminan 10 million aholisi oziq-ovqat mahsulotlari yetishmovchiligidan aziyat chekmoqda. Yordamga muhtojlar orasida 2,2 million bolalar bor.

Mavzuga oid
Top