14:30 / 21.02.2017
29422

O‘zbekistonda tuxum eksporti: eng yirik xaridor Afg‘oniston

Keyingi yillarda Qashqadaryo viloyatida ham go‘sht, sut va tuxum yetishtirish hajmi bir necha barobar oshdi. O‘tgan yilda viloyatda parrandachilik sohasida 160 dan ortiq istiqbolli loyiha hayotga tatbiq etildi. 2016 yil viloyat ishbilarmonlari tomonidan tashqi bozorga qariyb 200 ming AQSh dollari miqdoridagi tuxum eksport qilindi. Bu jarayonda ularga bojxona xodimlari yaqindan yordam bermoqda.

Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda tuxum eksporti hajmi bir necha barobarga oshdi va yanvar oyining o‘zidayoq qiymati 438 ming dollarlik tuxum eksport qilindi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

– Shu vaqtga qadar mahsulotimizni ichki bozorga sotgan bo‘lsak, endilikda uning bir qismini eksportga yo‘naltirish imkoniyatiga egamiz, – deydi Yakkabog‘ tumanidagi “Kumush kuz fayzi” mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Maqsud Kamolov. – O‘tgan yili afg‘onistonlik hamkorlarimizga 60 ming dollarlikdan ziyod tuxum yetkazib berdik. Ushbu hamkorligimiz joriy yilda ham davom etadi. 

Shahrisabz tumanida faoliyat yuritayotgan “Eko parranda” mas'uliyati cheklangan jamiyati bundan besh yil avval tashkil etilgan. Tadbirkorlik sub'yekti o‘tgan davrda sezilarli rivojlanishga erishdi. Ayni paytda korxona fabrikasida boqilayotgan tovuqlar soni 80 ming boshga yetgan. “Xay-layn” zotiga mansub bu tovuqlar kasallikka chidamliligi va mahsuldorligi bilan ajralib turadi.

Fabrikada kuniga o‘rtacha 10 ming dona tuxum olinadi. Tez orada qiymati 1 million dollardan ortiq qo‘shimcha loyihani amalga oshirish bo‘yicha ishlarni yakunlanadi. Natijada fabrikada boqiladigan tovuqlar soni 120 ming boshga ortadi, 30 yangi ish o‘rni yaratiladi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu korxona ham o‘tgan yildan boshlab tuxum eksport qilishga kirishgan. Afg‘oniston davlatidagi “Ixlos Ltd.” firmasi tomonidan 107 ming dollarlik mahsulot xarid qilingan. Hamkorlar joriy yilda 7 million dona tuxum yetkazib berish bo‘yicha kelishuv imzolagan.

Top