15:31 / 22.02.2017
11244

Kashmirda dabdabali to‘ylar taqiqlandi

Hindistonning Jammu va Kashmir shtatlarida aprel oyidan dabdabali to‘y marosimlari o‘tkazish taqiqlandi: kelinning ota-onalari to‘yga 500 nafardan ortiq, kuyov tomon esa 400 nafardan ortiq mehmon chaqira olmaydi.

Bundan tashqari, to‘y ziyofatida 7tadan ortiq taom tarqatish mumkin bo‘lmaydi, bu orqali oziq-ovqatning isrof bo‘lishi oldi olinadi.

Hududiy parlament a'zolaridan biri bunday taqiqni butun Hindiston bo‘ylab joriy etishni taklif etgan.

Bu qaror shovqin-suronli to‘y marosimlaridan norozi kishilardan kelgan ko‘plab shikoyatlardan keyin qabul qilindi.

Shunga o‘xshash taqiq 1984 yilda ham mahalliy hukumat tomonidan qo‘llangan, ammo aholining keskin noroziligi tufayli keyinchalik bekor qilingandi.

2016 yilning noyabrida Hindistonda biznesmen va Karnatak shtati sobiq vaziri Janardxana Reddining qizining 5 kunlik to‘y marosimi o‘tkazilgandi. To‘y xarajatlari 74 million dollarni tashkil etdi. Shundan so‘ng mamlakat bo‘ylab milliondan ortiq kishi ishtirokida namoyishlar to‘lqini ko‘tarildi.

Miting boshlanishidan bir necha kun oldin hukumat dabdabali to‘ylarni taqiqlash bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqdi. Bundan tashqari, mehmonlar va dasturxonga tortiladigan taomlar sonini cheklash, to‘y xarajatlari miqdorini 7500 dollardan oshirganlik uchun 10 foizlik soliqqa tortish bo‘yicha taklif kiritildi.

Mavzuga oid
Top