09:13 / 22.02.2017
28306

Toshkentda yil oxirigacha 1000ta bankomat o‘rnatiladi. Naqd pul muammosi hal bo‘ladimi?

Foto: «Gazeta.uz»

Toshkent shahar Davlat soliq boshqarmasi mutaxassislari chakana savdo va pulli xizmatlar ko‘rsatish obektlarini inventarizatsiyadan o‘tkazgan to‘rt kun ichida taxminan 1700ga yaqin terminal yetishmasligi aniqlandi. Bu haqda poytaxt hokimiyatida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida DSB boshlig‘i Muzaffar Pardayev xabar qildi. Bu haqda Gazeta.uz xabar berdi. 

O‘n kunlik inventarizatsiya O‘zbekiston Prezidentining yaqinda qabul qilingan pul bilan bog‘liq munosabatlarni takomillashtirish va plastik kartochkalardan foydalangan holda hisob-kitoblarni rivojlantirish to‘g‘risidagi qarori yuzasidan o‘tkazilmoqda.

«Bugun — inventarizatsiyaning to‘rtinchi kuni. O‘ylashimcha, tekshiruvlar yakunigacha kamida 5000−6000 terminal yetishmasligini aniqlaymiz», — dedi boshqarma boshlig‘i.

Muzaffar Pardayevning xabar berishicha, to‘lov shakliga qarab (naqd pullar yoki plastik kartochkalar bo‘yicha) narxlarning oshirilishi yoki pasayishi bilan soliq boshqarmasi fuqarolarning murojaatlari asosida qarshi kurash olib boradi. Rejadan tashqari tekshiruvlarni o‘tkazishda nazorat xarid usulini qo‘llash rejalashtirilgan.

Markaziy bankning Toshkent shahri bo‘yicha Bosh boshqarmasi boshlig‘i Majid Tohirovning xabar berishicha, aholini naqd pul bilan ta'minlash uchun yil oxirigacha 1000ta bankomat o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Uning ishontirishicha, ularning har biri pul mablag‘lari bilan to‘ldiriladi. Tohirovning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda tijorat banklari yetkazib beruvchilar bilan qurilmalarni xarid qilish borasida muzokaralar olib bormoqda.

Top