14:03 / 23.02.2017
18215

Berahmlik va uning oqibati: Toshkentda o‘z itini kaltaklagan shaxs 10 sutkaga qamaldi

Shu yilning 2 yanvar kuni Toshkentda istiqomat qiluvchi fuqaro Aziz Akbarxo‘jayev o‘z kuchugini shafqatsizlik bilan kaltakladi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, bu uning jonivorni kaltaklashi bilan bog‘liq birinchi holat emas, deb yozmoqda Nuz.uz. Ushbu fuqaro ikki yil davomida himoyasiz jonivorga shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lgan va uni doimo och qoldirish bilan qiynab kelgan.

Ma'lum bo‘lishicha, son suyagi singan nemis ovcharkasi yomg‘ir ostida betonga hech qanday soyabonsiz bog‘lab qo‘yilgan. Uni davolashga berish borasidagi aholining iltimoslariga esa erkak haqoratli javoblar qaytargan hamda uni namoyishkorona kaltaklashda davom etgan. Mirzo Ulug‘bek tuman IIB  huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘limi xodimlarining tezkor sa'y-harakatlari tufayli ko‘ngillilar jonivorni olib ketishdi.

“Mehr va oqibat” jonivorlarni himoya qilish jamiyati asoschisi va “O‘zbekistondagi boshpanasiz hayvonlarni himoya qilish jamiyati” direktori Kseniya Kapirina boshqa ko‘ngillilar bilan bu ishni sudga qadar olib bordi. Natijada itga shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lgan shaxs o‘n kunga vaqtinchalik saqlash izolyatoriga hukm qilindi.

Ma'lum qilinishicha, veterinar Vladimir Cherniy itning hayotini saqlab qolishga urinib, bir necha jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazgan, biroq jonivor o‘lgan. U haddan tashqari ko‘p qiynoqqa solingan hamda jarohatlar olgan.

Top