20:38 / 23.02.2017
15070

Xizmatdan qaytgan askarlarga bo‘sh ishchi o‘rinlari taklif etildi

Qamchiq dovonidan tunel ochib undan temir yo‘l o‘tkazilishi vodiy viloyatlarini poytaxt va mamlakatning barcha xududlari bilan bog‘lanish imkoniyatini yanada mustaxkamladi. Qo‘qon, Marg‘ilon, Andijon va Pop temir yo‘l vokzallari barcha shart-sharoitlar yaratilgan infratuzilmaga ega bo‘ldi. Bugun esa Marg‘ilon vokzali o‘zgacha fayzli edi. Bu yerga yurt oqsoqollari, vatan himoyachilari safidan o‘rin olaman degan yosh yigitlar, san'atkorlar va viloyat jamoatchiligi yig‘ildi. Kun peshindan og‘ganida esa karnay-surnay navolari yangradi. Elektrlashtirilgan tezyurar poyezd vokzal peroniga kelib to‘xtadi. Samarqand va Buxoro viloyatlaridagi harbiy qismlarda vatan oldidagi yigitlik burchini ado etib o‘z uyiga qaytayotgan 123 nafar askar alvon gullar bilan kutib olindi. Shu yerning o‘zida bo‘lib o‘tgan tantanada Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon shahri jamoatchilik vakillari so‘zga chiqib askar farzandlariga minnatdorchilik bildirdilar.

- Bugun bu yerga kelgan yoshlar sizlarning timsolingizda vatan fidoyilarini ko‘rmoqdalar, - dedi Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev. – Sizlar uchun viloyatimizdagi barcha ishlab chiqarish korxonalari bo‘sh ishchi o‘rinlarini tavsiya etmoqda. Biz kelgusida oliy o‘quv yurtlarida o‘qimoqchi bo‘lgan yoshlar uchun ham vaqtinchalik ish o‘rinlari hozirlaganmiz.

- Men bir-ikki kun oila quchog‘ida bo‘lgach, bugun tavsiya qilingan bo‘sh vazifalar ichidan o‘zimga munosibini tanlab olib ish boshlayman, - deydi zaxiradagi askar Ulug‘bek Anvarjonov. 

- Men esa tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchiman. Xizmatdan qaytish arafasida onam bilan telefonda gaplashgan edim, bank xodimlari uyimizga kelib tadbirkorlik uchun imtiyozli kredit taklif etishibdi, - dedi yana bir askar.

Tantana chog‘ida harbiy xizmatdan qaytgan askarlarga esdalik sovg‘alari, Navoiy, Bobur, Erkin Vohidov asarlari  va Islom Karimovning “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobi hamda viloyat mehnat boshqarmasining bo‘lim va mutaxassislari, bo‘sh ishchi o‘rni taklif qilgan korxonalar xaqidagi to‘liq ma'lumotlar berildi.

Muhammadjon Obidov

Top