20:40 / 23.02.2017
13857

Mirziyoyev Qozog‘iston bosh vazirining birinchi o‘rinbosarini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 fevral kuni O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Asqar Maminni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari, jumladan, savdo-iqtisodiy aloqalar barqaror va izchil rivojlanayotgani hamda mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan ta'kidladi.

Ikki davlat rahbarining 2016 yil sentabr oyida Samarqand shahridagi uchrashuvida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, o‘zaro savdo hajmini tubdan oshirish va nomenklaturasini kengaytirish, shuningdek, mamlakatlarimizning yetakchi korxonalari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga qaratilgan qator istiqbolli loyihalar hamkorlikda ishlab chiqilmoqda.

Sh.M.Mirziyoyev Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi samarali hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada faollashtirish, buning uchun avvalo savdo, investitsiyaviy texnologiyalar va transport-kommunikatsiya sohalarida hamkorlik bo‘yicha aniq loyihalarni ishlab chiqish va qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Ikki mamlakat hududlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik o‘rnatish va mustahkamlash lozimligi, bu savdo va madaniyat sohalarida aloqalarni yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratishi alohida ta'kidlandi.

Asqar Mamin samimiy qabul uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik izhor etdi va Qozog‘iston O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.

Top