14:51 / 23.02.2017
16671

Tojikiston poytaxtida avtomobil yoqilg‘isi tugamoqda

Tojikiston poytaxtidagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari Dushanbe-Xo‘jand avtoyo‘li bilan bog‘liq muammolar tufayli yoqilg‘i yetishmovchiligi bilan to‘qnashdi. Ayni damda shahardagi ko‘plab AYoQShlarda suyultirilgan gaz yo‘q, uni esa mamlakatdagi 60 foizdan ko‘proq haydovchi ishlatadi.

«So‘nggi haftada suyultirilgan gaz narxi oshib ketdi, bugun esa hech qayerda yoqilg‘i quydirish imkoni yo‘q», - deydi haydovchilar. Oxirgi hafta davomida bir litr gaz narxi o‘rtacha 40 diramga oshgan.

Shuningdek benzinning “xalqchil markasi” – AI-92 narxi ham oshdi – bir litr uchun 5,4 somoniydan 5,9 somoniygacha.

Yoqilg‘i yetkazib beruvchilar ushbu hodisani Dushanbe-Xo‘jand avtoyo‘lining vaqti-vaqti bilan yopilishiga bog‘lashmoqda, aynan shu yo‘l orqali poytaxtga yoqilg‘i olib kelinadi.

«Bizda Dushanbe-Xo‘jand yo‘lining yopilishi tufayli zaxiralar tugab bormoqda», - deya aytib o‘tdi Tojikistonga yoqilg‘i yetkazib beruvchilardan biri «AP»ga.

Ushbu kompaniya Tojikiston markaziy qismiga Xo‘jand orqali yoqilg‘i yetkazib beradi, u yerga esa Qozog‘iston va Rossiyadan temir yo‘li orqali keltiriladi.

Kompaniyadan ta'kidlashlaricha, suyultirilgan gaz zaxirasi deyarli tugab bormoqda, ba'zi AYoQShlarda esa u hozirning o‘zida yo‘q. Ayni damda benzin zaxiralari esa atigi 110 tonnaga teng, bu ikki kunga yetadi, xolos.

Shuningdek boshqa suyultirilgan gaz yetkazib beruvchilarda ham zaxiralar tugagan, jumladan «Faroz» kompaniyasida. U yerdagilar ham Dushanbe-Xo‘jand avtoyo‘lidagi murakkabliklar haqida gapirishgan.

Energetik idoralar ma'lumotiga ko‘ra, Tojikiston bir oyda taxminan 30 ming tonna suyultirilgan gazdan foydalanadi, benzin esa – 15 ming tonnadan sal ko‘proq.

Ma'lumot uchun, Dushanbe-Xo‘jand trassasi bilan bog‘liq muammolar yanvar oxirlarida boshlandi. Bu holat kuchli qor va yuzlab ko‘chkilardan so‘ng ro‘y berdi. Varzob darasidagi yo‘l qismi avtotransport harakati uchun yangi ko‘chkilar tufayli vaqti-vaqti bilan yopilmoqda.

Top