21:02 / 23.02.2017
40622

O‘zbekiston-Rossiya mehnat migratsiyasi hamkorligiga start berildi

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi qoshidagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi delegatsiyasi mehnat migratsiyasi bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish maqsadida Rossiya Federatsiyasi poytaxtida bo‘ldi. Bu haqida vazirlikning rasmiy saytida xabar berildi. 

2017 yil 21 fevral kuni Mehnat vazirligi delegatsiyasi Rossiya IIVning mehnat migratsiyasi masalalari bosh boshqarmasida uchrashuv o‘tkazib, O‘zbekiston fuqarolarini RF hududida mehnat faoliyatlarini olib borishlari uchun jalb qilish masalalariga qaratilgan ikki mamlakat hukumati o‘rtasidagi kelishuv loyihasiga oid masalalarni muhokama qilishdi.  

Shu kunning o‘zida O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasida agentlikning “O‘zbekiston Respublikasining kadrlar salohiyati” mavzusida taqdimot hamda Rossiya Federatsiyasining tegishli vazirlik, tashkilot va ishbilarmonlari, OAV vakillari uchun brifing o‘tkazildi.

Tadbirda RF Prezidenti ma'muriyati, hududlar, yirik tijorat banklari va sug‘urta kompaniyalari vakillari, ishbilarmonlar, shuningdek, Rossiyadagi hududiy o‘zbek milliy-madaniy jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi. ​

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonning kadrlar salohiyati va mehnat migrantlarining huquqlari va ehtiyojlari himoyalangan zamon talablariga asoslangan hamkorlikni rivojlantirishga intilayotganligi bilan tanishishdi.

O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi”ga asosan mehnat migratsiyasi masalalarida hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish maqsadida 2017 yilda Mehnat vazirligi vakillari Rossiya Federatsiyasining hududlariga tashrif buyurishadi va tashqi mehnat migratsiyasi masalalarida faoliyat olib boruvchi mahalliy tashkilotlar, o‘zbek milliy-madaniy jamoat tashkilotlari hamda yirik ish beruvchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishadi.     

Mazkur tashrif davomida, delegatsiya vakillari Markaziy federal okrugning bir nechta viloyatlarida  hududlar rahbarlari, tegishli tashkilotlar hamda yirik ish beruvchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishi belgilangan.

Mazkur tashrif O‘zbekiston fuqarolarining Rossiya Federatsiyasida mehnat faoliyatlarini xuquqiy tartibga solish, ularning xuquqlari va mehnat faoliyatlarini himoya qilish uchun xizmat qiladi.  

Top