19:29 / 24.02.2017
56798

MXX IIB tergovchisini qo‘lga oldi

Milliy xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari prokuratura hamda ichki ishlar organlari xodimlari bilan hamkorlikda Chirchiq shahri IIB bo‘lim tergovchisini ashyoviy dalil bilan qo‘lga olishdi. Bu haqda Sputnik kuch mahkamasidagi manbaga asosan xabar bermoqda.

Chirchiq IIB bo‘lim tergovchisi bo‘lib ishlagan Muzaffar Nurmatov tartib-intizomni bir necha marta buzgan va xizmat vakolatlarini suiste'mol qilgan xodim bo‘lgan. Shu munosabat bilan, xizmat faoliyatini toza “sahifadan” boshlash maqsadida u 2016 yilning noyabrida Angren IIBga ishlash uchun jo‘natilgan. Biroq, Nurmatov yangi joyda ham tegishli xulosa chiqarmagan.

"Tergovchi 1,5 ming dollarni pora tariqasida olayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Uning umumiy miqdori 3 ming dollar bo‘lishi kerak bo‘lgan. U bu pullar evaziga fuqaro “B.X.”ga Angrenda yashovchi “A.X.”ga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi bo‘yicha narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida jinoiy javobgarlikka tortilmasligini va'da qilgan", - deya ta'kidlab o‘tgan MXX xodimi.

Dastlabki so‘roq paytida Muzaffar Nurmatov o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘ldi. Toshkent viloyati prokuraturasi unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 210 moddasi (“Pora olish”) ikkinchi qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

Mavzuga oid
Top