19:55 / 24.02.2017
14302

“Odam savdosi va unga qarshi kurashish” nomli qo‘llanma taqdimoti o‘tkazildi

O‘zbekiston odam savdosiga qarshi samarali kurashish maqsadida BMT, YeXHT va Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot vakolatxonalari bilan hamkorlikda izchil faoliyat olib bormoqda. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazida odam savdosiga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda shular haqida so‘z bordi.

Milliy markaz direktori A.Saidov va boshqalar O‘zbekistonda transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish, odam savdosining oldini olish bo‘yicha samarali choralar ko‘rilayotganini ta'kidladi. Fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, bunday jinoyatlardan yoshlarni ogoh etish maqsadida keng ko‘lamli tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi inson huquq va erkinliklariga doir 70 dan ziyod xalqaro hujjatga qo‘shilgan. Bu xalqaro-huquqiy hujjatlar normalari bugungi kunda mamlakat fuqarolarining siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini tartibga soluvchi 700 dan ortiq qonun va 16 ta kodeksga implementatsiya qilingan.

Tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi, Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi va Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilotning Markaziy Osiyo bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi ofisi hamkorligida Odam savdosiga qarshi kurashish yuzasidan qo‘shma chora-tadbirlar rejasi doirasida nashr etilgan “Odam savdosi va unga qarshi kurashish” nomli qo‘llanma taqdimoti ham o‘tkazildi.

Top