01:30 / 24.02.2017
12740

Samarqand Portu shahri bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatgan MDHdagi birinchi shahar bo‘lishi mumkin 

O‘zbekiston delegatsiyasi o‘zbek-portugal qo‘shma biznes-forumida ishtirok etish uchun Portu shahrida bo‘ldi. Bu haqida "Jahon" axborot agentligi xabar berdi. 

O‘zbekiston delegatsiyasining Portugaliyaga tashrifi davomida shahar meri Rui Moreyra bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqlashdi. 

Moreyraning so‘zlariga ko‘ra, Portugaliyada o‘zbek hamkorlar bilan ko‘p rejali hamkorlikka katta e'tibor qaratiladi. U Portugaliya O‘zbekistonga Markaziy Osiyo mintaqasidagi asosiy davlat sifatida qarashini ta'kidladi. 

Uchrashuvda shuningdek savdo va investitsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish muhokama qilindi. Mazkur yo‘nalishda tizimli ishlarni tashkillashtirishga kelishib olindi. Biznes-delegatsiya almashinuvi, qo‘shma seminarlar va forumlar o‘tkazish, ko‘rgazmalarda qatnashish shular jumlasidandir. 

O‘z navbatida, O‘zbekiston turizmni rivojlantirish sohasida Portugaliya tajribasiga qiziqish bildirdi. Ushbu yo‘nalishda qo‘shma korxonalar yaratish istiqboli, shuningdek o‘zbek mutaxassislarining Portugaliya o‘quv muassasalarida malaka oshirishi kabi masalalar o‘rganib chiqildi. 

Moreyra Portu va Samarqand shaharlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish imkonini ko‘rib chiqishni taklif qildi. Mer Samarqand istiqbolda Portugaliyaning eng muhim shaharlaridan biri bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatgan MDHdagi birinchi shahar bo‘lishini ta'kidladi. 

Shuningdek uchrashuv doirasida O‘zbekiston-Portugaliya biznes forumi o‘tkazildi. U ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, investitsion va moliyaviy-texnik hamkorlik, shu bilan birga turizm sohasidagi almashinuv masalalariga bag‘ishlandi. Biznes-forumda Portugaliyaning 50dan ortiq kompaniyalari vakillari qatnashishdi. 

Bundan tashqari O‘zbekiston delegatsiyasi Portugaliyaning Têxteis Penedo (to‘qimachilik sanoati), KYAIA Fortunato (poyabzal), Savana – Calçados (bolalar poyabzali), Fábrica de Calçado SOZE (poyabzal) zavodlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi va ular bilan amaliy hamkorlik bo‘yicha aniq yo‘nalishlarni muhokama qildi. 

Top