23:39 / 24.02.2017
17743

O‘zbekistondagi kutubxonalarda 23 milliondan ortiq kitob fondi mavjudligi ma'lum bo‘ldi

2017 yil 24 fevral kuni Xalq ta'limi vazirligi tomonidan “Yoshlar va kitobxonlik: an'anaviy va zamonaviy usullar” mavzusida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun media-tur tashkil etildi. Media-tur ishtirokchilari Toshkent shahri Mirobod tumanidagi 328-maktabga tashrif buyurib,  mazkur muassasa misolida tizimda kitobxonlikni targ‘ib qilish, bunda zamonaviy AKT imkoniyatlaridan samarali foydalanish borasida qilinayotgan ishlar bilan tanishdilar.  Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda
 
Media-turda xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev, vazirlikning boshqarma va bo‘lim boshliqlari, Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasi rahbariyati hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida bolalar adabiyoti ko‘rgazmasi, namunaviy maktab kutubxonasi faoliyati, taniqli bolalar yozuvchi va shoirlari bilan ijodiy uchrashuvlar, umumta'lim fanlarini o‘qitishda elektron darslik va axborot resurslardan unumli foydalanish, zamonaviy AKTdan foydalangan holda darslarni o‘tish namoyish etildi.

Bugungi kunda xalq ta'limi tizimida 9576 ta axborot-kutubxona muassasalari mavjud bo‘lib, ularga jami 4 047 738 nafar o‘quvchilar a'zo bo‘lgan.

Axborot-resurs markazlari, kutubxonalarda bugungi kunda jami 23 mln. dan ortiq kitob fondi mavjud. Ularning kitob fondini boyitish maqsadida har yili o‘quvchilarga sinfdan tashqari mutolaa uchun badiiy adabiyotlar xarid qilinadi.

2014 yilda 1-4 sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan 27 nomdagi jami 847 293 nusxa badiiy adabiyotlar xarid qilingan bo‘lsa, joriy yilda 5-9-sinf o‘quvchilari uchun “Maktab kutubxonasi” turkumida 28 nomdagi 1,2 mln nusxa jahon va o‘zbek bolalar adabiyotining sara asarlari xarid qilinmoqda.

O‘quvchilar orasida kitobxonlikni targ‘ib qilish maqsadida turli madaniy-ma'rifiy, intellektual tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Jumladan, vazirlik tashabbusi bilan 2016 yildan boshlab axborot-kutubxona muassasalarida “Mutolaa madaniyati” haftaligi tashkil etildi. Haftalik doirasida bolalar adabiyoti ko‘rgazmasi, bolalar shoir va yozuvchilari bilan ijodiy uchrashuvlar, taqdimotlar, turli viktorina va intellektual tanlovlar, ma'rifiy tadbirlar, mahorat darslari va anjumanlari tashkil etib kelinmoqda.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda bolalar yozuvchi va shoirlari ishtirokida on-line muloqotlar o‘tkazib kelinmoqda.

Media-tur yakunida xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev ishtirokida brifing o‘tkazildi hamda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.

Mavzuga oid
Top