17:18 / 25.02.2017
19731

Samarqand viloyatidagi kommunal qarzdorlik qancha? 1 trln so‘mdan ortiq...

Samarqand viloyati matbuot uyida tashkil etilgan yig‘ilishda kommunal sohada uchrayotgan muammolar soha rahbarlari ishtirokida muhokama etildi. Unda viloyat hokimi o‘rinbosari O.Ochilov kun tartibidagi masala yuzasidan ma'lumot berdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Uchrashuvda ta'kidlanishicha, bugungi kunda aholidan tushayotgan eng ko‘p murojaatlar aynan kommunal xizmatlarga tegishli. Shu bilan birga, debitor qarzdorlik ham eng katta muammolardan biri bo‘lib turibdi. Misol uchun, birgina elektr energiyasidan 2017 yil birinchi yanvar holatiga 660 milliard so‘m debitor qarzdorlik mavjud. Tabiiy gazdan esa bu qarzdorlik 601 milliard so‘mni tashkil etadi. Yanvar oyida 8,1 milliard so‘mlik tabiiy gazning puli to‘lanmagan. Bularning bari xizmat sifatiga yil sayin yomon ta'sir o‘tkazmoqda.

Shuningdek, «Markazgazta'minot» unitar korxonasi direktori Shukrullo Mahmudov hamda «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» aksiyadorlik jamiyati raisi Fulom Primovlar sohadagi bugungi holat va amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi.

– Har kuni ellik nafardan ziyod iste'molchi asossiz qarzdorlik bo‘yicha bizga murojaat qiladi, – deydi «Markazgazta'minot» unitar korxonasi direktori Shukrullo Mahmudov. – Ko‘pincha bunday qarzdorlik hisoblagichlardan noto‘g‘ri foydalanish, iste'mol qilingan tabiiy gaz pulini nazoratchilarga topshirish orqali yuzaga kelmoqda. Asossiz tarzda qarzdor bo‘lib qolayotgan iste'molchilar ham bor. Aytish lozimki, nazoratchining tabiiy gaz pulini iste'molchidan talab qilishi qonunga ziddir. Agar qarzdorlik mavjud bo‘lsa, nazoratchi ogohlantirishi mumkin.

Yig‘ilishda aytilganidek, bugungi kunda mamlakatimizda tabiiy gaz sarfini hisoblash uskunalari ishlab chiqarishga moslashgan ikkita zavod qurilishi davom etmoqda. Yil oxiridan boshlab yangi turdagi elektron hisoblagichlarni gazta'minot idoralari hisobidan xonadonlarga o‘rnatish boshlanadi.

Top