21:03 / 25.02.2017
70970

Video: huquqini bilgan, majburiyatini bilmagan ayolning muomalasidan yoqa ushlaysan

Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “Voditeli Tashkenta” ijtimoiy guruhida Toshkent telekanalida namoyish etilgan “Poytaxt yo‘llarida” ko‘rsatuvidan lavha joylashtirilgan. Unda shahar YHXB telekanal ijodkorlari bilan hamkorlikda shahar yo‘llarida o‘tkazgan maxsus reyddan lavhani ko‘rish mumkin. 

Unda davlat raqami 01 772 OEA bo‘lgan Spark rusumli avtomobil to‘xtatilganda haydovchining mast ekani, shaxsini tasdiqlovchi hujjati va haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagani aniqlangan. Shu bilan birga, u yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlarining savollariga javob berishdan bosh tortgan. Ushbu avtoulovni boshqarish biriktirilgan ayol kishi esa hujjatsiz kishiga rul boshqaruvini topshirgani yetmaganidek, nozirlarni mensimay, savollariga javob bermagan. Bundan tashqari, mast haydovchi ham, avtoulov ishonilgan ayol ham hujjatlarni taqdim etmagan. 

Ammo, bu hali hammasi emas. Kutilmaganda Spark yo‘lovchilaridan biri bo‘lgan boshqa bir ayol DAN xodimini turli uyat so‘zlar bilan haqoratlash bir yoqda tursin, yopishib, uning jyetonini yulib oladi, ratsiyalarini yerga uradi. Shuningdek, shaxsini tasdiqlovchi hujjat talab qilinganiga keskin, kurakda turmaydigan so‘zlar bilan javob qaytargan. Shu bilan birga, o‘z vakolatlari doirasida hujjat talab qilgan ichki ishlar xodimlariga ularning haq-huquqi qanday ekanligidan ham dars berishdan tap tortmagan. Go‘yoki, ushbu xonimning militsiya talabi bo‘yicha hujjatini taqdim etmaslikka, ularga tuhmat qilishga haqqi bor-u, ammo huquq-tartibot idoralarining undan shaxsini tasdiqlovchi hujjatni so‘rashga haqqi yo‘qdek. Yana, ushbu xonimning aytishicha, yo‘l-patrul xizmati xodimi ayol kishi bilan qanday muomala qilishni bilmas emish. Buning uchun YPX vakili xizmat kiyimidan boshqa kiyimda bo‘lishi kerak ekan. 

Yo‘l-patrul xizmati inspektori Alisher Abduqodirovning ma'lum qilishicha, ushbu ayol kishi dastlab janjal ko‘targan, davlat xizmati xodimiga tuhmat ham qilgan. 

Shu o‘rinda bir mulohaza. Aksariyatimiz o‘z haq-huquqlarimizni talab qilishni bilamiz, ularni imkonimiz darajasida, ba'zi bir yuqoridagi holatlarda esa haddan oshgan holda himoya qilishga urinamiz. Shunaqa vaqtlarda, kimning nimaga haqqi bor-yo‘qligini yaxshi anglaymiz, ammo, mana shu yurtda istiqomat qilayotgan fuqarolarning zimmasiga qonun vositasida yuklangan burch va majburiyatlarni unutib qo‘yamiz yoki bilmaganlikka olamiz. Ushbu muhokama qilinayotgan voqeadagi ayolni ko‘rib esa uning o‘zini bilgan erkaklar aytmaydigan so‘zlarni tilga olishini eshitib, nahotki o‘z ayollik latofati, hayo-ibosini unutgan bo‘lsa, deya yoqa ushlaysan. 

Ta'kidlash joizki, YPX xodimlari, haydovchilar, piyodalar va boshqa kasb egalari, barchamiz ushbu jannatmakon yurt fuqarolarimiz, biroq, barcha jamiyatdagi mavqei, erkag-u ayolligidan qat'inazar qonun oldida barobardir. Shunday ekan, ko‘cha-ko‘yda, oilada, o‘zligimizni, kimligimizni unutmagan holda, o‘zaro hurmat qoidalariga rioya qilib, ijtimoiy odoblar doirasidan chiqmasdan muomala qilsak, olam guliston bo‘ladi, asabbuzarliklar, uning ortidan keluvchi turli xil kasalliklar ham bezovta qilmaydi. Ana o‘shanda yuksak odob-axloq hukm surgan porloq va farovon jamiyatni ham barpo eta olamiz. Zero, barchamizning asl maqsadimiz ham mana shu emasmi!?

Top