Otabek Bekpo'latov (ism-familiyalar o'zgartirilgan) oliy o'quv yurtlarining birida katta o'qituvchi sifatida faoliyat boshlaganiga hali bir yil ham to'lmagan edi. Mo'may daromad topishga bo'lgan ishtiyoq uni firibgarlikka undadi, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.

Talabalardan biri yaqin tanishining zarur gapi borligini aytib, qo'ng'iroq qilganida, u “qarmog'imga laqqa baliq ilinadi, shekilli”, deb xayol qilgandi. Yoz mavsumi bo'lgani uchun, qabul jarayonlari boshlanib ketgan, bunaqa paytda oliygoh o'qituvchisiga faqat yordam so'rab murojaat qilishlari mumkin.

-  Yonimga olib kel, hal qilamiz, - dedi o'ylab ham o'tirmay. O'ylaganidek bo'lib chiqdi. O'zini “Ikrom Pirnazarov” deb tanishtirgan yigit yaqin tanishini o'qishga kiritishda yordam so'radi. “Gap bo'lishi mumkin emas”, dedi O.Bekpo'latov tap tortmasdan. “Faqat men ijodiy imtihondan yordam bera olaman, test bilan ishim yo'q”, deb qo'shib ham qo'ydi.

-  Mayli, shu ham katta gap – dedi I.Pirnazarov. – Qanday yordam berishingiz mumkin?

-  To'rt ming AQSh dollari bersangiz, yuqori ball qo'ydirib beraman.

I.Pirnazarov domlaning taklifiga rozi bo'ldi.

-  Pulni tayyor qilib, kelavering. Hech qanday muammo bo'lmaydi, - deb qoldi Otabek.

Aslida O.Bekpo'latov abituriyentning ijodiy imtihonlarda qatnashib, o'z kuchi bilan yuqori ball to'play olishidan umidvor edi. Chunki abituriyentning omadi chopmasa, olgan pullarini shunchaki qaytarib berishni rejalashtirgan edi.

Oradan bir necha kun o'tib, O.Bekpo'latovning shogirdi qo'ng'iroq qildi va I.Pirnazarov pulni tayyor qilganini aytgan edi, “Birga olib kelaveringlar”, deb tayinladi ustoz.

-  Mening ishlarim ko'p edi, Pirnazarovning o'zi boradi, - e`tiroz bildirdi shogirdi. Ochig'i, u ustozi abituriyentni ijodiy imtihonga tayyorlash orqali yordam beradi, deb o'ylagandi. Ustozining katta miqdorda pul talab qilganidan cho'chib qolgandi. “Mayli” degan javobdan so'ng I.Pirnazarov domlaga kelishilgan pulni olib borib berdi. Oliygoh auditoriyalaridan birida pulni sanab olib, cho'ntagiga joylab qo'ygan Otabekning xursandchiligi uzoqqa cho'zilmadi.

Departamentning Xorazm viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan o'tkazilgan tezkor tadbirda O.Bekpo'latov ashyoviy dalillar bilan qo'lga olindi.

O.Bekpo'latov sud hukmi bilan tegishli jazoga tortildi.