08:59 / 26.02.2017
147096

Tavsiya: 750 ming so‘mga issiqxona va 6 mln so‘m sof foyda

Mehnat.uz saytida issiqxona qurish texnologiyasi haqida ma'lumot berildi.

Bir sotixlik issiqxona qurish uchun uzunligi 18-20 metr, eni 6 metr bo‘lgan maydon tanlanishi ma'qul. Buning uchun tuproq 20 santimetr chuqurlikda kovlangach, shu yerning o‘zidan eni 30-35 santimetr, bo‘yi 45-50 santimetr bo‘lgan poydevor ko‘tariladi. Shundan so‘ng ikki yon tomonga 2,8 yoki 3 metr balandlikda 8tadan ustun o‘rnatiladi. Ustunlarning har ikkitasi oralig‘ida balandligi 80 santimetr, eni esa 40 santimetrlikdagi shamollatgich (tuynuk) qoldirilib, pishiq g‘isht yoki paxsa devor bilan bekitilgach, suvoq qilib tashlanadi. Issiqxonani yopish uchun ustunlar ustiga kengligi 5-8 santimetrlikdagi metall uzunasiga payvandlanadi. Bu ikki tomonlama qo‘yilganda 1 sotix yerga 36 metr metall ketadi degani.

Bir qavatli polietilen plyonka bilan qoplangan, bir sotixlik isitiladigan issiqxona tiklash uchun (metall, simlar, tayanch ustunlari, beton qorishmalari, payvandlash, tuproq ishlari) ketadigan sarf-xarajat 350-400 ming so‘mdan oshmaydi. Bunga polietilen plyonka, transport isitish, dorilash xarajatlari qo‘shilsa, issiqxonaning jami narxi 700-750 ming so‘mga boradi.

Polietilen plenkalar va armaturalarni "Agrofirmalar" orqali ta'minotchi tashkilotlardan yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo tarmoqlaridan sotib olish mumkin.

Pomidor ko‘chati yetishtirishda mahalliy Sitora, TMK-2, Avitsena, Sharq yulduzi, Do‘stlik, Sevara, Shafaq, Surxon-142, Zakovat, Nurafshon F1 navlarini ekish tavsiya etilib, bir sotix maydonga yetarli miqdorda ko‘chat tayyorlash uchun 350-400 gr. urug‘ sarflanadi. 1 kg pomidor urug‘ning o‘rtacha narxi 77-80 ming so‘mni tashkil qiladi.

Pomidor urug‘larini "Meva va sabzavot ekinlari va kartoshkachilik" ITI va “O‘zmevasabzavoturug‘sanoati” uyushmasidan tashkil etilgan agrofirmalar orqali yetkazib beriladi.

1 sotix yerdan 80-100 mingta ko‘chat olinsa, ochiq yerga sotish davrida 1 dona pomidor ko‘chatining narxi 80-100 so‘m bo‘lganda, jami daromad ko‘chat olinsa, 8 mln so‘mni tashkil qiladi, jami xarajatlar issiqxonani qurish, urug‘lik isitish va boshqa xarajatlar 2 mln so‘mni tashkil qilsa, sof foyda 6 mln so‘mni tashkil etishi mumkin.

Top