19:28 / 26.02.2017
23264

"Tolibon" ekologik muammoni ko‘tarib chiqdi

Foto: AP

"Tolibon" harakati yetakchisi Hibatulla Oxunzoda Afg‘oniston aholisini ko‘proq daraxt ekishga chaqirgan.

U o‘z bayonotida barcha jangchilarni va oddiy fuqarolarni kamida bittadan ko‘chat ekishga chaqirgan.

Afg‘oniston keyingi vaqtlarda o‘rmonlar siyraklashishi muammosi bilan to‘qnashgan. Mamlakatda daraxtlar yoqish uchun noqonuniy kesiladi.

"Tolibon" bu vaqtgacha ekologik muammolarni ko‘tarib chiqishi deyarli kuzatilmagandi.

Haybatulla Oxunzoda, "Tolibon" rahbarligiga o‘tgan yilning mayida kelgan, u harbiy yetakchilikdan ko‘ra, imomligi bilan mashhur hisoblanadi.

Uning chiqishi toliblarning targ‘ibot kanali orqali namoyish qilingan. Uning bu galgi nutqi Afg‘oniston hukumati va g‘arbiy koalitsiyaga la'nat o‘qishdan iborat bo‘lmay, yangicha ohangda aytilgan.

"Ko‘chat o‘tqazish, atrof-muhit himoyasida, iqtisodiy rivojlanish va Yer yuzining yashillashishida o‘ta muhim o‘rin tutadi", deyilgan uning bayonotida.

"Daraxt parvarishlash va qishloq xo‘jaligi foydali va daromadli bo‘lib, bu ish o‘limdan keyin ham mukofotlanadi", - degan Oxunzoda.

Qayd etish kerakki, toliblar odatda ekin maydonlarida giyohvand moddalar o‘stirishda ayblanadi.

Talibonlar 1996 yilda Afg‘oniston hukumati tepasiga kelgan, 2001 yilda mamlakat hududiga AQSh qo‘shinlari kirgach, ag‘darilgandi.

Afg‘onistonda o‘tgan asrning ikkinchi yarmida hukumat va toliblar o‘rtasida nizolar davom etib kelmoqda. Tinchlik o‘rnatish uchun bir necha bor muzokara boshlangan, ammo "Tolibon" tomoni yon berishni istamaydi va Afg‘onistondan xalqaro kuchlar olib chiqilishi talabini qo‘yadi. 

Top